Nurmat Otabekov koronavirusga qarshi emlash jarayoni haqida ma’lumot berdi
Jamiyat
−
17 fevral 2021
5779O‘zbekistonda ijtimoiy masofa saqlanishi va aholi to‘planishining oldini olish maqsadida bitta emlash punktida bir kunda emlanadiganlar soni 70 nafargacha etib belgilandi. Bu haqda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Nurmat Otabekov AOKAda o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.
“Vaksinalarning respublikamizga olib kelingan miqdoridan kelib chiqib, aholining katta miqdorda to‘planib qolishiga yo‘l qo‘ymasdan, emlanishga kelgan aholi orasida ijtimoiy masofani saqlagan holda, hozircha har bitta emlash punktida bir kunda emlanadigan aholi soni 70 nafargacha deb belgilanmoqda.
Koronavirusga qarshi emlangan shaxslar patronaj tibbiyot xodimlari tomonidan, emlangandan so‘ng 30 daqiqa davomida, keyinchalik 3 (uch) kun davomida uyiga tashrif buyurish yo‘li bilan muntazam surishtirib boriladi, ularning sog‘lig‘i ko‘zdan kechirilib, 64/x hujjat bilan rasmiylashtiriladi”, deydi Otabekov.
Shuningdek, markazdan va aholi yashash punktlaridan uzoqda joylashgan hududlar aholisini koronavirusga qarshi emlashni amalga oshirish maqsadida aholini borishi qulay, yaqin bo‘lgan oilaviy shifokor punkti (OSHP) filiallarida ham vaqtinchalik emlash punktlari tashkil qilinib, harakatdagi brigada-vrach, vaksinator va dublyorlardan iborat guruhlar faoliyati tashkil etilib, ular zarur avtotransport vositalari bilan taminlanadi.
“Boshqa yuqumli kasalliklarga qarshi ommaviy emlash tadbirlarida ham bu usullarni qo‘llaganmiz, shunday bo‘lsa ham tayyorgarlik ishlari o‘ta jiddiy tarzda olib borilyapti”, degan Nurmat Otabekov.
Ta’kidlanishicha, koronavirusga qarshi emlash kunlarini o‘tkazishning mazmun-mohiyati ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritib borilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq, O‘zbekiston Xitoyda ishlab chiqarilgan “ZF-2001” vaksinasining hammualifi sifatida tan olingani va ahoini emlash uchun 1 mln doza shunday preparat sotib olinishi haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi