Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li parlamentdan butkul ketdi

Olam

image

Qirg‘iziston parlamenti – Jogorku Keneshning sobiq to‘rag‘asi (spiker) Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li deputatlik vakolatini muddatidan oldin topshirishini ma’lum qildi. U bu haqdagi murojaatini o‘zining Facebook’dagi sahifasida e’lon qildi.

Sobiq spiker o‘z bayonotida qirg‘izistonliklarni ro‘za oyi boshlangani bilan tabriklab, mamlakatga tinchlik, birlik va farovonlik tiladi. Shuningdek, u so‘nggi kunlarda o‘zining siyosiy fitnalar va “75 kishining murojaati”ga go‘yoki aloqadorligi haqida tarqalgan xabarlarga izoh berdi.

“Muqaddas Ramazon oyida va Xudo oldida ochiq aytamanki, mening na fitnalarga, na yetmish besh oqsoqolning murojaatiga imzo to‘plashga aloqam bor”, deydi u.

Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘lining so‘zlariga ko‘ra, jamoatchilikda rezonans keltirib chiqargan maktub uning Turkiyaga safari vaqtida OAVda e’lon qilingan va u bu haqda keyinroq xabar topgan.

Sobiq spikerning aytishicha, u so‘nggi paytlarda sog‘lig‘i yomonlashib, davolanayotgan bo‘lgan. Shu munosabat bilan u deputatlik mandatini muddatidan oldin topshirib, siyosatdan ketishga, sog‘lig‘ini tiklash va shaxsiy ishlariga e’tibor qaratishga qaror qilgan.

U o‘z saylovchilariga ishonch uchun minnatdorlik bildirgan va parlamentdan muddatidan oldin ketayotgani uchun uzr so‘ragan. Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li o‘zi rahbarlik qilgan davrda Jogorku Kenesh tomonidan mamlakat uchun muhim qonunlar ishlab chiqilgani, barcha qarorlar davlat va xalq manfaatlari yo‘lida qabul qilinganini qayd etdi. 

So‘zining yakunida u qirg‘izistonliklarni birdamlik va siyosiy barqarorlikka chaqirib, barcha voqealarga yakuniy bahoni vaqtning o‘zi berishiga ishonch bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq bir qator jamoat arboblari va amaldorlar davlat rahbari Sadir Japarov hamda Jogorku Kenesh spikeri Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li nomiga mamlakatda zudlik bilan yangi prezidentlik saylovlarini o‘tkazishni so‘rab, murojaat yo‘llagan edi. Hujjatni 75 kishi imzolagan. Keyinroq ulardan besh nafari huquq-tartibot idoralari tomonidan qo‘lga olingan.

Shundan so‘ng Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) rahbari Qamchibek Tashiyev lavozimidan ozod etildi. Prezident o‘z qarorini izohlar ekan, bu “75 kishining murojaati” mualliflarining xatti-harakatlari bilan bog‘liqligini aytgan. Shuningdek, Jogorku Kenesh spikeri Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘lining ehtimoliy iste’fosi haqida xabarlar tarqalgan, biroq parlament bu ma’lumotni rad etgandi.

Biroq MXDQ rahbari iste’fosidan ikki kun o‘tgach, Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li spikerlik lavozimini o‘z ixtiyori bilan tark etishini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Nurlanbek Turg'anbek o'g'li

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing