Numan Kurtulmush Mirziyoyevga Erdo‘g‘anning salomini yetkazdi
Jamiyat
−
22 may
3053O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 22 may kuni mamlakatga rasmiy tashrif bilan kelgan Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi raisi Numan Kurtulmush boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv avvalida Turkiya parlamenti raisi davlat rahbariga Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
"O‘zbekiston-Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi yuksak bosqichi, barcha darajada faol muloqot va almashinuvlar davom etayotgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi", deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, o‘zaro tovar ayirboshlash va investitsiya ko‘rsatkichlari o‘smoqda, qo‘shma loyihalar va korxonalar, aviaqatnovlar soni ortib bormoqda. Ikki mamlakatda qo‘shma madaniy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
"O‘zbekiston va Turkiya qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasida samarali aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish, O‘zbekiston-Turkiya hamkorligi kun tartibini shakllantirishda va oliy darajadagi kelishuvlar ijrosi ustidan nazoratni ta’minlashda do‘stlik guruhlari va tegishli qo‘mitalarning faol ishtiroki muhim ekani ta’kidlandi", deyiladi xabarda.
Shuningdek, investitsiya dasturlarini ilgari surish, turizm, ishbilarmonlik va ta’lim almashinuvlarini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Xalqaro tuzilmalar, xususan, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi parlamentlararo hamkorlik istiqbollari ham muhokama qilindi.
Eslatib o‘tamiz, shu oy boshida Turkiya vitse-prezidenti Javdat Yilmaz O‘zbekistonga kelib, Mirziyoyev qabulida bo‘lgan edi.