Nukus voqealarida ayblanganlarga yakuniy ajrim e’lon qilindi

Jamiyat

image

Bugun, 5 iyun kuni Oliy sudda 2022 yil 1-2 iyul kunlari Nukusda sodir etilgan ommaviy tartibsizliklarga oid jinoyat ishi bo‘yicha apellyatsiya sudi ko‘rib chiqildi. Bu ish Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi tomonidan 2023 yil 31 yanvarda chiqarilgan hukm ustidan 16 nafar sudlanuvchi va ularning himoyachilari tomonidan berilgan shikoyatlar hamda prokuratura tomonidan hukmning 4 nafar sudlanuvchiga oid qismiga nisbatan keltirilgan protest asosida ko‘rilgan. Mazkur jinoyat ishining ushbu shaxslarga oid qismini apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqish tugallanib, Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining ajrimi e’lon qilindi. Bu haqda Oliy sud Matbuot xizmati xabar berdi. 

Ushbu jinoyat ishi Oliy sud sudyasi A.Bekmanov raisligida hamda sudyalar S.Mamadaliyeva va A.Utayevdan iborat sud tarkibida ko‘rib chiqilgan.

Oliy sudning 2023 yil 5 iyundagi ajrimiga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining hukmi quyidagicha o‘zgartirildi: 

  • hukmning marhum P.Shamshetovga jazo tayinlashga oid qismi bekor qilindi. Shu bilan birga vafot etgan P.Shamshetovga tegishli bo‘lgan Nukus shahridagi J.Seitova ko‘chasida joylashgan 32-uy Jinoyat-protsessual kodeksining 290-moddasi tartibida xatlovdan chiqarilib, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 47 va 65-moddalari qo‘llanilgan holda marhumning merosxo‘rlariga qaytarilishi belgilandi;
  • B.Kadirbergenov, S.Medetov, B.Seytniyazov, Q.Seytimov, P.Nurniyazov, S.Kalimov, N.Sultamuratov, A.Temirxanov va ularning himoyachilari tomonidan berilgan shikoyatlar qanoatlantirildi.
  • Bunga ko‘ra B.Kadirbergenovga tayinlangan 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 5 yil ozodlikni cheklash jazosiga;
  • B.Seytniyazovga tayinlangan 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 4 yil ozodlikni cheklash jazosiga;
  • S.Medetovga tayinlangan 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 5 yil ozodlikni cheklash jazosiga;
  • Q.Seytimovga tayinlangan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 5 yil ozodlikni cheklash jazosiga;
  • P.Nurniyazovga tayinlangan 4 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 4 yil ozodlikni cheklash jazosiga;
  • S.Kalimovga tayinlangan 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 5 yil ozodlikni cheklash jazosiga;
  • N.Sultanmuratovga tayinlangan 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 3 yil ozodlikni cheklash jazosiga;
  • A.Temirxanovga tayinlangan 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 5 yil ozodlikni cheklash jazosiga o‘zgartirildi.

Ularning ehtiyot chorasi tariqasida qamoqda saqlangan har bir kuni Jinoyat kodeksining 62-moddasiga asosan ozodlikni cheklash jazosining bir kuniga tenglashtirilib, tayinlangan jazodan chegirilib, barchasi sud zalida qamoqdan ozod qilindi.

D.Jiyemuratov, N.Nayipov, R.Bekmuratov, S.Kaipov, A.Tokimbetov, A.Adilbekov va ularning himoyachilarining shikoyatlari qisman qanoatlantirildi.

Bunga ko‘ra D.Jiyemuratovga tayinlangan 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 6 yil;

A.Tokimbetovga tayinlangan 8 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi 5 yil 6 oy;

A.Adilbekovga tayinlangan 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 5 yil;

N.Nayipovga tayinlangan 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 4 yil;

R.Bekmuratovga tayinlangan 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 6 yil;

S.Kaipovga tayinlangan 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga o‘zgartirildi.

Birinchi instansiya sudi hukmining L.Kallixanova, A.Turdanov, A.Smetullayev va A.Nuratdinovga oid qismiga nisbatan keltirilgan prokuror protesti rad qilinib, ularga tayinlangan jazolar o‘zgarishsiz qoldirildi. 

D.Tajimuratov va uning himoyachilarining shikoyatlari qanoatlantirilmasdan, sud hukmining unga oid qismi esa o‘zgarishsiz qoldirildi.

Shuningdek, sud O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 47 va 65-moddalari talablarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llagan holda jinoyat ishi bo‘yicha keltirilgan zararlarni qoplash maqsadida xatlangan A.Turdanov, A.Smetullayev, N.Nayipov, R.Bekmuratov, S.Kaipov, Q.Seytimov, A.Adilbekovga tegishli mol-mulklar Jinoyat-protsessual kodeksining 290-moddasi tartibida xatlovdan chiqarilib, egalariga qaytarilishi belgilandi.

Hukmning qolgan qismi o‘zgarishsiz qoldirildi.


Maqola muallifi

Teglar

sud Nukus voqealari yakuniy ajrim

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing