Nukus voqealari ishtirokchisi Shamshetov hibsda vafot etdi

3-sahifa

image

2022 yil 1-2 iyul kunlari Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida sodir etilgan ommaviy tartibsizliklar ishtirokchisi, Qoraqalpog‘iston IIV Jinoyat qidiruv boshqarmasi bo‘limining sobiq boshlig‘i Polat Shamshetov joriy yilning 4 fevral kuni vafot etdi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.

“2023 yil 4 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamentiga qarashli 4-sonli tergov hibsxonasida saqlanayotgan mahkum Polat Shamshetov (Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV sobiq xodimi) to‘satdan vafot etgan”, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, hodisa joyi Buxoro viloyati prokurori rahbarligidagi tezkor-tergov guruhi, viloyat IIB boshlig‘i, sud-tibbiy ekspertiza mutaxassislari va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. Ko‘zdan kechirish jarayonlarida esa Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha (Ombudsman) Buxoro viloyati mintaqaviy vakili, Shamshetovning advokati va yaqin qarindoshlarining ham ishtiroki ta’minlangan.

Shuningdek, Bosh prokuratura Qoraqalpog‘istonning birinchi prezidenti Dauletbay Shamshetovning (1991 yil 11 noyabr – 1992 yil 20 iyun) o‘g‘li Polat Shamshetov yurak xurujidan vafot etganini aytmoqda.

“O‘lim sabablarini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Sud-tibbiy ekspertizasi ishchi guruhining dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, marhum o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi, o‘tkir yurak-qon tomiri yetishmovchiligi oqibatida vafot etgan. Hozirda Buxoro shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda”, deya ta’kidlagan Bosh prokuratura.

Ma’lumot uchun, sud hukmi bilan Polat Shamshetov Jinoyat kodeksining 244-moddasi 3-qismi bilan aybli deb topilib, 3 yil mansabdorlik lavozimlarida va ichki ishlar tizimida ishlash huquqidan va 6 yil ozodlikdan mahrum qilingan edi. U 2 iyul kuni "odamlarni ommaviy tartibsizliklarga jalb qilgani va o‘zi ularning faol ishtirokchisi bo‘lganlik"da ayblangan.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 6 fevral kuni Buxoroda 39 nafar Nukus voqeasi ishtirokchilariga sud jarayoni boshlanadi.

 


Maqola muallifi

Teglar

Bosh prokuratura Polat Shamshetov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing