Nukenovaning akasi Bishimbayevdan ma’naviy zarar undirdi
Olam
−
27 Sentabr
4179Qozog‘iston sobiq iqtisodiyot vaziri Quandiq Bishimbayevdan turmush o‘rtog‘i Saltanat Nukenovani o‘ldirgani uchun moddiy va ma’naviy zarar undirildi. 17 millionga tengega yaqin (452 mln 600 ming so‘m) pul marhumaning akasi Aytbek Amangeldiga berilishi belgilandi. Bu haqda Ostona shahar sudi matbuot xizmati xabar berdi.
“Sud javobgardan moddiy va ma’naviy zarar uchun pul undirishni belgiladi. Talablar kuchga kirgan hukmga asoslangan bo‘lib, unga ko‘ra javobgar da’vogarning singlisini o‘ldirishda aybdor deb topilgan. Aka ma’naviy azob chekkanini, sog‘lig‘i yomonlashganini, fojiali voqea oqibatida mehnatga layoqatini yo‘qotganini ta’kidlagan,” deyiladi idora bayonotida.
Qayd etilishicha, marhumaning ota-onasi da’vogar foydasiga undirishlardan voz kechgan. Da’vo doirasida, shuningdek, jinoyat ishi bo‘yicha yuridik xizmatlar uchun to‘langan xarajatlar ham ko‘rsatilgan. Yakunda Bishimbayevdan 6 877 672 tenge (183 mln 109 ming so‘m) miqdoridagi xarajatlar va 10 million tenge (266 mln 237 ming so‘m) miqdoridagi ma’naviy zarar undirilgan.
Sud qarori hali kuchga kirmagan.
Ma’lumot uchun, Qozog‘istonning sobiq iqtisodiyot vaziri Quandiq Bishimbayev va “Gastrotsentr” direktori Baxitjan Bayjanov ishi bo‘yicha sud jarayoni 2024 yilning 11 martida boshlangan va 2024 yilning 13 mayida yakunlangan. Sud jarayoni guvohlar ishtirokida o‘tgan va to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda namoyish etilgan. Quandiq Bishimbayev o‘zining turmush o‘rtog‘i Saltanat Nukenovani shafqatsizlik bilan qiynoqqa solib o‘ldirgani uchun 24 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. Baxitjan Bayjanov esa og‘ir jinoyatni yashirgani uchun 4 yil qamoq jazosiga hukm qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saltanat Nukenovaning akasi Bishimbayevdan moddiy va ma’naviy zarar uchun tovon puli talab qilib, sudga da’vo arizasi kiritgani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi