Nuqta qo‘yildi! Tojikiston va Qirg‘iziston chegarasi ochildi

Olam

image

Bugun, 13 mart kuni Tojikiston va Qirg‘iziston Prezidentlari Imomali Rahmon va Sadir Japarov Qirg‘iziston Respublikasi hamda Tojikiston Respublikasi o‘rtasida Davlat chegarasi to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Ushbu tarixiy voqea Bishkekda, Imomali Rahmonning Qirg‘izistonga davlat tashrifi doirasida sodir bo‘ldi. Bu haqda Tojikiston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, hujjat Qirg‘izistonning “Birdamlik markazi” davlat qarorgohida Tojikiston Prezidentining Qirg‘iziston poytaxtiga davlat tashrifi doirasida tantanali tarzda imzolangan.

“Bugun biz mamlakatlarimiz o‘rtasidagi chegara masalalari bo‘yicha tarixiy qarorni qabul qilmoqdamiz”, dedi Imomali Rahmon muzokaralar avvalida.

Uning ta’kidlashicha, mazkur shartnoma davlatlararo munosabatlarni yanada kengaytirish uchun mustahkam asos yaratadi.

“Bugun imzolangan salmoqli hujjatlar to‘plami tojik-qirg‘iz munosabatlarida yangi sahifa ochadi”, deb qo‘shimcha qildi Tojikiston Prezidenti.

O‘z navbatida, Sadir Japarov Tojikiston-Qirg‘iziston chegarasining delimitatsiyasi va demarkatsiyasi bo‘yicha hukumat komissiyalarining samarali faoliyatini alohida ta’kidlagan.

Shuningdek, bugun Prezidentlar onlayn rejimda “Qizil-Bel – avtomobil yo‘li” va “Qayrag‘ach – avtomobil yo‘li” nazorat-o‘tkazish punktlarining ochilishida ishtirok etgan. Ikki mamlakat chegarasi 2021 yil may oyida qurolli to‘qnashuv oqibatida yopilgan edi.

Sadir Japarov chegaradosh hududlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish muhimligini ta’kidlagan. Xususan, u 31 mart kuni Xo‘jandda o‘tkaziladigan Navro‘z bayramining ahamiyatiga e’tibor qaratgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tadbir Markaziy Osiyo xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va birdamlik ramzi bo‘ladi hamda qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, Japarov ikki tomonlama munosabatlarda savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolishini ta’kidlagan. Prezident chegara masalalarining muvaffaqiyatli hal etilishi savdo hajmini oshirish va iqtisodiy o‘sish uchun yangi imkoniyatlar yaratishiga ishonch bildirgan.

Imomali Rahmon uning fikrlarini qo‘llab-quvvatlab, imzolangan chegaraviy shartnoma ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash uchun ishonchli asos yaratishini qo‘shimcha qildi. U ushbu qadam tarixiy ahamiyatga ega ekanini, u tojik-qirg‘iz munosabatlarida yangi sahifa ochishini va xavfsizlik, barqarorlik hamda mintaqaning barqaror rivojlanishiga xizmat qilishini ta’kidlagan.

Tojikiston rahbari yaqin kunlarda Xo‘jandda Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston davlat chegaralarining tutash nuqtasi bo‘yicha kelishuv imzolanishi rejalashtirilganini ham ma’lum qilgan.

Ma’lumot uchun, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi davlat chegarasi uzunligi taxminan 980  kilometrni tashkil etadi. Chegarani delimitatsiya qilish bo‘yicha muzokaralar 2002 yil dekabr oyidan buyon davom etmoqda. Ushbu masalaning hal etilmagani ikki davlat aholisi va harbiylari ishtirokidagi mojarolarga sabab bo‘lib kelgan, ularda o‘qotar qurollar ham ishlatilgan. So‘nggi jiddiy to‘qnashuv 2022 yil kuzida sodir bo‘lgan. 2014 yildan beri Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasida 10 dan ortiq yirik mojaro kuzatilgan. Qirg‘iziston Xitoy, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Tojikiston bilan chegaradosh. Tojikiston esa, shu kunga qadar, Qirg‘iziston bilan barcha chegara masalalarini hal qila olmagan so‘nggi qo‘shni davlat edi.

Eslatib o‘tamiz, bunga qadar, 21 fevral kuni Bishkekda Tojikiston va Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitalari rahbarlari Saymo‘min Yatimov va Qamchibek Tashiyev ikki davlat chegaralarini ajratish bo‘yicha kelishuvni imzolagan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Tojikiston chegara Qirg'iziston Imomali Rahmon Sadir Japarov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing