Norvegiya elektromobillar soni benzinli mashinalardan oshib ketgan ilk davlatga aylandi
Olam
−
19 Sentabr
2463Norvegiya avtomobilsozlik tarixida elektromobillar soni benzinli avtomobillardan oshib ketgan birinchi davlatga aylandi. Bu haqda mamlakat Yo‘l harakati bo‘yicha axborot kengashi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Norvegiyada 2024 yilning 16 sentyabr holatiga ko‘ra ro‘yxatga olingan 2,8 million yengil avtomobildan 754 303 tasi elektromobil va 753 905 tasi benzinli avtomobillardir. Shu bilan birga, dizel dvigatelli avtomobillar sonining kamayishi davom etmoqda. 2026 yilga kelib, mamlakatdagi elektromobillar soni dizelli avtomobillarni ham ortda qoldiradi.
“Bu tarixiy holat. O‘n yil oldin bunday bo‘lishini hech kim kutmagandi. Yengil avtomobillar parkini elektrlashtirish ishlari jadal ketmoqda, Norvegiya esa yengil avtomobillar parkida elektromobillar ustunlik qiladigan dunyodagi birinchi davlat bo‘lish uchun oldinga siljimoqda”, deydi axborot kengashi direktori Oivind Solberg Torsen.
Torsen, shuningdek, 2026 yilga borib, mamlakatdagi elektromobillar soni dizelli avtomobillar sonidan ham oshib ketishini qo‘shimcha qilgan.
“World Resources Institute”ning 2023 yildagi tahlillariga ko‘ra, 5 ta davlat – Norvegiya (2022 yilda to‘liq elektr transport vositalari yo‘lovchi avtomobillari savdosining 80 foizini tashkil etgan), Islandiya (41 foiz), Shvetsiya (32 foiz), Niderlandiya (24 foiz) va Xitoy (22 foiz) elektromobillar sotuvining eng yuqori ulushiga ega bo‘lgan. Boshqa ikkita eng yirik avtomobil bozorlarida elektromobillar sotuvi pastroq, ammo tez o‘sib bormoqda: Yevropa Ittifoqi (12 foiz) va AQSH (6 foiz).
2024 yil avgust oyida Norvegiyada sotilgan 11 114 ta avtomobilning deyarli 94 foizi elektr quvvati bilan ishlashi ma’lum qilingandi. Bunday o‘sishga Tesla Model Y (taxminan ikki mingta avtomobil) savdosi asosiy hissa qo‘shgan.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning yanvar-oktyabr oylari davomida O‘zbekistonga 22,5 mingta elektromobil import qilingan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6 barobar ko‘p.
LiveBarchasi