Norvegiya ham Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo‘shildi
Olam
−
18 mart 2022
6479Norvegiya hukumati Ukrainadagi urush tufayli Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi joriy qilgan sanksiyalariga qo‘shildi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi xabar bergan.
Qayd etilishicha, Norvegiya sanksiyalari Rossiya iqtisodiyotining moliya, energetika, transport, texnologiya va mudofaa sohalariga, shuningdek yuzlab rossiyaliklar va tashkilotlarga ta’sir qiladi.
Xabarda ta’kidlanishicha, cheklovlar YeI tomonidan 9 martgacha joriy qilingan chora-tadbirlariga mos keladi, biroq “Russia Today” va “Sputnik” saytlari bundan mustasno.
Norvegiya Tashqi ishlar vaziri Anniken Xyuitfeld e’lon qilingan choralarni sharhlar ekan, bu “Norvegiya joriy etgan eng yirik sanksiyalar paketi” ekanligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, G‘arb mamlakatlari Ukrainada boshlangan urushga javoban Rossiyani har tomondan siquvga olib, og‘ir sanksiyalarni qo‘llay boshladi. Rubl kursi quladi, Rossiya banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. Markaziy bankning xorijdagi oltin-valyuta zaxiralari bloklandi. Millarderlarning ham chet eldagi ko‘plab hisoblari muzlatildi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi.
Bunday sanksiyalarga Rossiya ham jim qarab turmayapti. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi kecha, 15 mart kuni AQSHga qarshi javob sanksiyalarni e’lon qildi. Moskva “qora ro‘yxat”ga AQSH Prezidenti Jo Bayden, Davlat kotibi Entoni Blinken, Mudofaa vaziri Lloyd Ostin, AQSH Prezidentining o‘g‘li Xanter Bayden va boshqalarni kiritgan.
Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etish davom etmoqda.
LiveBarchasi