Norozi bemorlar SSVga to‘plandi. Ular qanday “bostirildi”?

Jamiyat

image

Sog‘liqni saqlash vazirligi binosi oldida buyrak va jigar transplantatsiya amaliyoti o‘tkazilgan bir guruh fuqarolarning to‘plandi. Ular operatsiyadan so‘ng muntazam qabul qiladigan dori vositalari yetkazib berilishida uzilishlar bo‘layotgani, borlari ham dorixonlarda qimmat narxda sotilayotgani ortidan SSVga to‘plangan. 

Sog‘liqni saqlash vazirligidan xabar qilinishicha, vazir Behzod Musayev norozi bo‘lib yig‘ilgan fuqarolar qarshisiga chiqqan. 

SSVdan ma’lum qilishlaricha, hozirgi kunda mamlakatda buyrak va jigar ko‘chirib o‘tkazilgan 1500 nafardan ortiq bemor ro‘yxatda bo‘lib, ularga kerakli dori vositalarining o‘z vaqtida yetkazib berilishi qat’iy nazoratga olingan va yetarli darajada dori zaxiralari shakllantirilgan.

Biroq ayrim toifadagi bemorlarga tavsiya etilgan preparatlarning bir qismi xorijdagi nufuzli farmatsevtika kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilishi bois bunday preparatlarni O‘zbekistonga olib kelishda vaqtinchalik qiyinchiliklar kuzatilmoqda. 

Uchrashuv davomida vazir Musayev mazkur muammoni zudlik bilan ijobiy hal etish yuzasidan mas’ullarga shoshilinch ko‘rsatmalar bergani aytilmoqda. Xususan, ushbu masalaga tezkor yechim topish maqsadida vazirlikda maxsus shtab tashkil etilib, uning tarkibiga tegishli mutaxassislar, jumladan, vazirlik bosh nefrologi, nefrologiya markazi shifokorlari, farmakologlar, iqtisodchilar kiritilgan.

“Shtab tomonidan bemorlarga zarur dori vositalarining o‘z vaqtida yetkazib berilishini ta’minlash bo‘yicha muddat masalalarini hal etish, dori xaridlari yuzasidan farmatsevtika kompaniyalari bilan muloqot qilish va bu orqali muammolarga samarali yechim topish choralari ko‘riladi.

Shuningdek, uchrashuvda bemorlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida hududlarda immunologik tahlillarni topshirishga mo‘ljallangan maxsus laboratoriyalar tashkil etilishi va biokimyoviy analizatorlar o‘rnatilishi masalasi ham ijobiy yechim topishi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, 1500 nafardan ortiq bemorga qanday dori preparatlari qancha miqdorda zarurligi bo‘yicha ro‘yxat shakllantirilishi, ularni xarid qilishning qisqa va uzoq muddatli mexanizmi yaratilishi belgilandi”, deyiladi SSV tarqatgan xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

SSV

Baholaganlar

438

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing