Norboyeva Rossiya parlamenti raisiga migrantlar masalasida yordam so‘rab, maktub yozdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva 8 aprel kuni Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenkoga maktub yo‘llab, o‘zbekistonlik muhojirlar masalasida yordam so‘radi. Bu haqda Senat rasmiy saytida xabar berildi.

Qayd etilishicha, shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali Oliy Majlis Senatiga Rossiya Federatsiyasida hozirgi murakkab sharoitda ishsiz, mablag‘siz qolgan fuqarolardan karantin tugaguncha va mehnat bozori to‘liq tiklanguniga qadar patentni qayta rasmiylashtirish, bekor qilish, jismoniy shaxslar daromadidan olinadigan soliqning to‘lash muddatini kechiktirish imkoniyatini ko‘rib chiqish masalasida yordam so‘rab murojaatlar kelib tushgan. 

Ushbu masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan joriy yil 5 aprel kuni Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligiga nota yuborilgan. Shuningdek, Tanzila Norboyeva Valentina Matviyenkoga maktub yo‘llagan.

Maktubda Rossiya xalqiga epidemiyani tez orada yengib o‘tishiga chin dildan tilak bildirib, global koronavirus pandemiyasi sharoitida ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, shu jumladan, parlamentlararo muloqotni qo‘llab-quvvatlash alohida ahamiyat kasb etishi qayd etilgan.

“O‘zbekiston Rossiya Federatsiyasi hukumatining fuqarolarimizning Rossiyada bo‘lib turishi uchun ruxsat etilgan muddatni uzaytirish hamda mamlakat tashqarisiga chiqish zaruratisiz mehnat faoliyatini davom ettirish uchun yangi patentlar olish shartlarini yengillashtirish bo‘yicha qarorini qo‘llab-quvvatlagan.

Shu bilan birga, Rossiya Federatsiyasida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining yuqorida qayd etilgan muammolariga ham e’tibor qaratilib, ularni tezkorlik bilan hal qilishda amaliy yordam ko‘rsatish so‘ralgan.

Umid qilamizki, hozirda insoniyat oldida turgan og‘ir damlarda O‘zbekiston parlamenti va hukumatining mamlakatimiz fuqarolari manfaatlari yo‘lida qilgan ushbu murojaati vatanimizning azaliy do‘sti bo‘lmish Rossiya davlatida o‘zining ijobiy javobini topadi”, deyiladi Senat axborotida.


Maqola muallifi

Teglar

Tanzila Norboeva Valentina Matvienko

Baholaganlar

169

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing