Norboyeva 2017 yilgacha zo‘ravonlik haqida gapirganlar ishdan ketkazilganini aytdi
Jamiyat
−
12 noyabr 2020
6615O‘zbekistonda 2017 yilgacha gender so‘zingi ishlatishga taqiq bo‘lgan. Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik haqida og‘iz ochganlar esa ishdan bo‘shatilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya raisi Tanzila Norboyeva bugun, 12 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Gender tenglikni ta’minlash va gender iborasi ishlatilmas edi. Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev o‘z vazifalariga kirishganlaridan keyin Gender tenglik haqida biz baralla ayta oladigan bo‘ldik. Umuman gender tenglikni ta’minlash masalasi butun dunyoda tan olingan. Bu ibora barcha xalqaro hujjatlarda mavjud. BMTning barcha konvensiyalar, tashkilot tarkibiga kiruvchi boshqa xalqaro muasassalarning deklaratsiyalari, turli xalqaro hujjatlarida bu masala qizil chiziq bilan belgilangan.
Barcha inson huquqlari bo‘yicha olib borilayotgan ishlarda aynan Gender tenglikni ta’minlash orqali hamma chora-tadbirlar amalga oshirilishi kerak. Hatto, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom banki, Xalqaro valyuta fondi va shunga o‘xshash moliyaviy, iqtisodiy masalalarni ko‘rib chiqadigan xalqaro moliya institutlari ham o‘zlarining loyihalarini u yoki bu mamlakatlarda amaliyotga tadbiq etishning asosiy sharti sifatida Gender tenglik masalasini ilgari surishadi. Shuning uchun biz juda ko‘p investitsiyalarni olib kelish, O‘zbekistonda xotin-qizlar, erkaklar tengligini ta’minlash masalasiga yaxshi yondosha olmas edik. Va Xalqaro reytinglarda ham bizning baholarimiz juda past darajada bo‘lar edi. Chunki gender tenglikni ta’minlash masalalarining o‘ziga xos ko‘rsatkichlari bor, aynan shu ko‘rsatkichlarda biz ham boshqa rivojlangan mamlakatlar qatorida taqdim etishimiz kerak bo‘lgan hisobotlar mavjud edi. Lekin biz uni o‘z vaqtida taqdim qilmasdik. Chunki gender iborasini ham tan ololmas edik. Bu ko‘rsatkichlar va natijalarni aytmasligimiz xalqaro reytinglarga O‘zbekistonning kiritilmasligiga sabab bo‘lar edi.
Shu bilan birga ayollarning o‘rni, teng huquq, teng imkoniyatga ega ekani haqidagi savollarga javob berolmas edik. Mamlakatimiz doim butun dunyo miqyosida tuziladigan reytingdan joy olmasdi.
Davlatimiz rahbari 2017 yilning birinchi kunidan boshlab xalq bilan muloqot tizimini joriy qildilar va bunda asosiy e’tiborni birinchi bo‘lib ayollar va oilalar dardiga qaratishni aytdilar.
2017 yilda Prezidentimiz lavozimlariga kirishganlaridan keyin qonunchilik bazasining takomillashtirilishi yo‘lga qo‘yildi. Hozir shu davrada o‘tirganlarning ko‘plari guvoh, o‘sha vaqtda ishlashgan. Biz ayollar va erkaklarga teng imkoniyatlar to‘g‘risidagi qonunni ishlab chiqish kerak deb aytsak ham, gapimizga quloq solishmagan.
O‘sha paytlar shunaqa davr edi. Men u davrni yomonlamoqchi emasman. U vaqtlar ham o‘ziga xos ishlar qilingan. Lekin o‘sha davrda bu narsa gapirilmas edi. Konstitutsiyada erkaklar va ayollar teng huquqli ekani yozilgan. Mehnat kodeksida maosh to‘lanishi, ishga qabul qilishda muammo yo‘qligi, Sog‘liqni Saqlash tizimida ham hammaga bir xil imkoniyat borligi, Ta’limda ham bir xil sharoit yaratilganini aytib, “bu kabi qonun bizga nega kerak?”, degan javobni berishardi. Shuning uchun bu masala to‘g‘risida biz gapira olmaganmiz.
Bundan tashqari, bilasizki, hayotda zo‘ravonlik holatlari, judayam ko‘p. O‘sha vaqtda bir mahallada zo‘ravonlik bo‘yicha tahlil o‘tkazildi degan gap chiqib ketgan. O‘sha vaqtda rahbar xodimlar "zo‘ravonlik" so‘zini ishlatgani uchun ishdan ham ketgan. Bu yerda o‘tirganlar tirik guvoh.
Yoki yana bir misol, Vazirlar Mahkamasida ishlagan paytlarimda rahbarlardan gender degan so‘z ishlatish mumkin emas, degan gaplarni eshitardim. Lekin nima uchunligini tushunmasdik.
Gender – ayollarning erkaklardan o‘zib ketishi emas, gender – erkak va ayollarga teng imkoniyat berilishi, xolos. Teng huquq va imkoniyat berilishi. Qolgani esa har bir insonning o‘ziga bog‘liq. Agar ayol kishi uyda o‘tiraman, bolalarimga qarayman, menga shunisi ma’qul desa, bu ham uning tanlovi. Hech kim uni uyda o‘tirgan, ishlamagan degan ro‘yxatlarga kiritishga haqqi yo‘q”, deydi Norboyeva.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2019 yilda gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan ikki muhim qonun qabul qilindi. “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi va “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi ikki qonunni qabul qilish bo‘yicha ilk tashabbuslar bundan 15 yil avval ilgari surilgan edi.
LiveBarchasi