Nomiga nomutanosib tashkilot, yoxud ikki navqiron yigitning o‘limiga sabab bo‘lgan Superliga starti

Tahlil

image

Kecha, 11 mart kuni QALAMPIR.UZ'da hammamizning etimizni junjiktiruvchi xabar e’lon qilindi. Namangandan futbol tomosha qilish uchun Toshkentga kelib, qaytayotgan bir guruh millionlar o‘yini muxlislari avtohalokatga uchrab, ulardan ikki nafari olamdan o‘tdi. Ahyon-ahyonda sodir bo‘lib turuvchi bu kabi YTH oqibatida, afsuski, yer yuzida shu paytgacha minglab odamlar vafot etgan. Bu kabi voqealarni eshitganimizda hammamiz bularni taqdirga yo‘yamiz. Lekin kechagi voqeaga tahlil nazari bilan qaraydigan bo‘lsak, insonni biroz o‘ylantiradigan jihatlarga duch kelamiz.

Keling, siz bilan avvaliga, kechagi YTH haqida emas, aslida bunga sabab bo‘lgan tahminiy omillarga e’tiboringizni qaratamiz.

Futbol muxlislarining xabari bor, va nihoyat joriy yilning 8 martidan boshlab, O‘zbekiston Superligasi o‘yinlariga start berildi. Musobaqa taqvimiga ko‘ra, har bitta ishtirokchi o‘z raqibi bilan ikki marta o‘yin o‘tkazadi. O‘sha bahslarning bittasini o‘z maydonida, ikkinchisini esa raqib maydonida o‘tkazadi.

1 turga ko‘ra, Namanganning “Navbahor” klubi o‘z maydonida “Qo‘qon 1912” jamoasini qabul qilishi kerak edi. Ammo Namangandagi “Markaziy” stadionining maydon holati yaxshi bo‘lmaganligi sababli, PFL o‘yinni Toshkentda o‘tkazishga qaror qildi.

Shu sababli, vodiydan dovon osha minglab muxlislar o‘yinni bevosita stadiondan tomosha qilish uchun Toshkentga kelishdi va o‘yin yakuniga yetgach, yana ortga qaytishdi. Shu minglab muxlislar orasida “Nexia” rusumli avtomobilda besh kishi bo‘lib, poytaxtga kelib qaytayotgan muxlislar guruhi “Damas” avtomobili bilan to‘qnashib ketishi natijasida avtohalokatga uchradi. To‘qnashuvdan so‘ng, har ikkala avtomobil ham yonib ketgan. Voqea joyida ikkala avtomobil salonida bo‘lgan odamlardan jami besh kishi vafot etgan. Ulardan ikki kishi Toshkentdan qaytayotgan muxlislar edi.

Endi e’tibor bering, mavsum boshlanishiga to‘rt yarim oy vaqt bo‘lgan bo‘lsada, Namanganda stadion tayyor emas. 1 turdan keyin xulosa qiladigan bo‘lsak, bizningcha, hech bir stadion chempionat startiga tayyor emas ekan. O‘yinlar ko‘rsatib berdiki, hamma stadionlarda maydon chimining holati talab darajasida emas edi. Buni Toshkentdagi maydondan ham ko‘ngli to‘lmagan “Navbahor” murabbiyi Kanchelskis ham ta’kidlab o‘tdi.

U chet ellik murabbiy, falon pullik oyligini olib yuravermaydimi, jimgina. O‘FA bilan PFLning ishlariga aralishib biron foyda toparmidi u? Aslo, yo‘q! U shunchaki hammani o‘zi kabi professional bo‘lishini xohlayapti, xolos. U hattoki bizning ligamizda bo‘layotgan ishlardan hayron-u lol bo‘lmoqda. Bizning PFL esa, maydon yil bo‘yi tayyor bo‘lmasa, yil bo‘yi yuraveradi.

Xo‘sh, nega PFL oldinroq, o‘tgan mavsum tugashi bilan klublarga stadion holati bo‘yicha talab kiritmadi?! Nima emish?! Hamma jamoalar shunchaki etiborsizlik bilan yuraveribdilar. PFL qaroriga e’tiborsiz bo‘lgan jamoa rahbariyati nega tashkilot tomonidan jazolanmadi? 

O‘zbekiston Superligasi PFLniki! Bu musobaqa uchun tashkilotning o‘zi javob berishi kerak. Klublarda sodir bo‘layotgan muammolarni ham, kelib chiqmasdan oldin bartaraf etishi zarur. Bizning nomiga nomutanosib bu tashkilotimiz, hattoki, chempionat boshlanishiga ikki hafta qolganda ham Superligada kimlar ishtirok etib, kimlar tark etishini bilmasdi.

Boshqa davlatlardagi milliy chempionatlarda oxirgi o‘rinlarni qo‘lga kiritgan jamoalar quyi ligaga ravona bo‘lishadi. Tabiiyki, quyi ligadan eng yo‘qori o‘rinlarni qo‘lga kiritganlar esa, yuqori ligaga chiqishadi. Bizda esa hokimingiz iltimosnomaga qo‘l qo‘yib bersa, mahallangizdagi havaskor jamoani ham startiga bir necha kun qolgan Superligaga chiqarib berishadi...

Shu yerdan ortga qaytmoqchiman. Shundoq ham mavzudan ancha chetlashib ketdim. Ayni damda menga PFL ham, ularning muammolari ham qiziq emas. Shunchaki, futbol tomoshasiga deb uydan chiqib ketgan ikki bolalarning ota-onasi, farzandlarining jonsiz tanasini ko‘rganda qay holatga tushgan ekan. Shu haqida PFL o‘ylayaptimi?


Maqola muallifi

Teglar

PFL O'zbekiston Superligasi

Baholaganlar

191

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing