Nomi DSQning “qora ro‘yxati”dan chiqqan “O‘zbekiston temir yo‘llari” bayonot berdi

Jamiyat

image

Avvalroq, Davlat soliq qo‘mitasi shubhali harakatlarni amalga oshirgan “obnalchi firma”lar bilan soxta bitimlar tuzgan davlat korxonalarini e’lon qilgandi. Ro‘yxatning boshida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ joy olgandi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ o‘z nomining bu ro‘yxatga kiritilgani yuzasidan rasmiy bayonot berdi. Unda kompaniya o‘zini zarar ko‘rgan tashkilot deya atagan.

“Kuni kecha bir guruh tadbirkorlik sub’ektlari soliq idoralari xatti-harakatiga norozilik bildirganlaridan barchaning habari bor. Ushbu “oxiriga yetmay” ko‘rilgan choralardan zarar ko‘rgan yirik tashkilotlar safida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati ham bor edi”, deyiladi bayonot avvalida.

Qayd etilishicha, talabga muvofiq har bir bitimning qonuniyligi va haqiqiyligini tasdiqlovchi hujjatlar, shuningdek, kontragentni tanlashda lozim darajada ehtiyotkorlik qilganligini va mol yetkazib beruvchining o‘z shartnomaviy majburiyatlarini bajarganligini tasdiqlovchi dalillar taqdim etilgan.

Har bir holatni alohida chuqur tanqidiy ko‘rib chiqilishi natijasida taqdimnomada keltirilgan 18,8 mlrd so‘mlik holatdan 530 mln so‘mlik shartnomalarida (ya’ni 2,8 foiz) bitim tuzgan mahsulot yetkazib beruvchi tashkilotlar to‘lashlari lozim bo‘lgan qo‘shimcha qiymat solig‘ini to‘lamaganliklari aniqlangan.

“Insofsiz tadbirkorlar tomonidan to‘lanmagan 69 mln so‘m qo‘shimcha qiymat solig‘i aybdor shaxslardan undirildi va o‘rnatilgan tartibda soliqqa yo‘naltirilmoqda.

Achinarlisi shundaki, shubhali kontragentlar bilan tuzilgan shartnomalarning aksariyat qismi tovar xom ashyo birjasi savdo platformalari orqali rasmiylashtirilgan. Ushbu yo‘nalishda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Davlat soliq qo‘mitasiga kontragentlarni ishonchli soliq to‘lovchi korxonaligi o‘rganilganidan so‘ng tovar xom ashyo birjasi savdo platformalariga qo‘yilishi bo‘yicha o‘z taklifini kiritdi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati o‘zining “ishonchli soliq to‘lovchi” imijini saqlab qolish yo‘lidagi sa’’y-harakatlarini davom ettiradi”, deyiladi jamiyat axborotida.

Eslatib o‘tamiz, Qo‘shimcha qiymat solig‘i bo‘yicha mojaroga sabab bo‘layotgan “obnalchi firma”lar xizmatidan jami 206 nafar davlat korxonasi foydalangan. 


Maqola muallifi

Teglar

QQS

Baholaganlar

277

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing