Noma’lum shaxs Niderlandiya va Polsha Bosh vazirlariga tutunli granata uloqtirdi (video)
Olam
−
05 may 6738 2 daqiqa
Bugun, 5 may kuni noma’lum shaxs Niderlandiya Bosh vaziri Dik Sxof va Polsha Bosh vaziri Donald Tuskka Niderlandiyaning Vageningen shahrida bo‘lib o‘tgan memorial tadbirda chiqish qilayotgan chog‘da tutunli granata uloqtirdi. Bu haqda Polsha televideniyesi xabar berdi.
Qayd etilishicha, voqea 5 may kuni Niderlandiyani fashistlar istilosidan ozod etish kuniga bag‘ishlangan marosimda sodir bo‘lgan. Videolavhalarda Tusk so‘zlayotgan vaqtda sahnaga qizil tutun chiqaruvchi granata uloqtirilganini ko‘rish mumkin. Voqeadan so‘ng xavfsizlik xodimlari Polsha Bosh vazirini darhol xavfsiz joyga olib ketgan.
Gumonlanuvchi kimligi va qo‘lga olingan-olinmagani haqida hozircha ma’lumot yo‘q. Donald Tusk voqeadan keyin hech kim jabrlanmaganini ma’lum qilib, bayonot berdi.
“Men Polsha axborot makonini tinchlantirmoqchiman. Hech qanday yomon narsa yuz bermadi. Kimdir tutunli granata uloqtirdi. Ehtimol, bu G‘azo va Falastin masalasi bo‘yicha norozilik bildirayotgan shaxsdir. Polshada ham odamlar turli hissiyotlarga ega, turli qarashlarga ega”, deya izoh bildirgan u.
Shu bilan birga, Tusk bu harakatni “nojoiz va nomaqbul xatti-harakat” deb atagan.
Telekanalga ko‘ra, hodisadan oldinroq aynan Vageningenda Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi namoyishchilar Niderlandiya Mudofaa vaziri Ruben Brekelmansning chiqishini buzib, “Falastinga ozodlik!” degan shiorlar aytib, hayqirgan. Politsiya bu holatda 5 kishini hibsga olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Istanbulda noma’lum shaxs Turkiyaning asosiy muxolifatdagi Jumhuriyat Xalq partiyasi (CHP) raisi O‘zg‘ur O‘zel Otaturk madaniyat markazidagi xotira tadbiridan chiqib ketayotganda uning yuziga tarsaki tushirgandi.
Live
Barchasi