Turkiyada noma’lum shaxs muxolifat yetakchisiga musht tushirdi (video)

Olam

image

Istanbulda noma’lum shaxs Turkiyaning asosiy muxolifatdagi Jumhuriyat Xalq partiyasi (CHP) raisi O‘zg‘ur O‘zel Otaturk madaniyat markazidagi xotira tadbiridan chiqib ketayotganda uning yuziga musht tushirdi. Bu haqda “Haberturk” xabar berdi.

Voqea O‘zg‘ur O‘zel qo‘riqchilar va partiya a’zolari bilan birga marosimni tark etayotgan paytda sodir bo‘lgan. Noma’lum shaxs olomon orasidan uning oldiga yugurib kelib, uning yuziga kafti bilan qattiq zarba bergan, biroq siyosatchi jiddiy jarohat olmagan. Hujum qilgan shaxs 66 yoshli Selchuk Tengio‘g‘li ismli erkak bo‘lib, ilgari uch marta sudlangan. U haqdagi boshqa ma’lumotlar tergov manfaati uchun oshkor qilinmagan.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an voqeadan so‘ng O‘zelga qo‘ng‘iroq qilib, hujumni qoralab, barcha tafsilotlarni aniqlashga va’da bergan. Mamlakat Bosh prokuraturasi jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya ham hujumni keskin qoraladi va ushbu shaxs qo‘lga olinganini tasdiqladi.

Joriy yilning aprel oyida sud Turkiya muxolifati yetakchisi O‘zg‘ur O‘zelni Istanbuldagi tadbirda Prezident Toyib Erdo‘g‘anni haqorat qilgani uchun 75 ming lira (taxminan 2 ming dollar) to‘lashga majburlagan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilda Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron mamlakat bo‘ylab safar qilayotganda noma’lum erkak unga tarsaki tushirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zg'ur O'zel Jumhuriyat Xalq partiyasi Selchuk Tengio'g'li muxolifat etakchisi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing