OTM rektorlari pora olmaslikka “qasamyod qildi”
Jamiyat
−
17 iyul 2019
7780O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va oliy ta’lim muassasalari rektorlari xalqqa murojaat bilan chiqdi. Quyida murojaat matni to‘liq keltirilgan.
Bundan bir asr muqaddam ona yurtimiz Turkiston o‘lkasi taqdiri ziyolilarimizning hayot-mamot masalasiga aylangan paytda buyuk ma’rifatparvar olim Abdurauf Fitrat “Har bir mamlakatning tolesi va taraqqiyoti yoshlarga qanday ta’lim va tarbiya berilishiga har tomonlama bog‘liqdir”, degan ezgu shiorni o‘rtaga tashlagan edi.
O‘tgan og‘ir va mashaqqatli yillar buyuk kelajakni har tomonlama yetuk va yuksak malakaga ega mutaxassis kadrlar tayyorlamasdan qurish mumkin emasligini tasdiqladi.
Shu bois, mamlakatimizda sog‘lom va har qanday illatlardan xoli bo‘lgan ta’lim-tarbiya muhitini shakllantirish bugun har birimizning muhim va ustuvor vazifamiz bo‘lmog‘i lozim.
Bu yo‘lda to‘siq bo‘layotgan muammolarni barataraf etish, ta’lim tizimi sofligi va shaffofligini ta’minlash, ayniqsa, uning obro‘siga putur yetkazayotgan korrupsiyani bartaraf etish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifamiz hisoblanadi.
Ma’lumki, Sharqda o‘qituvchi, ustoz hamisha donishmandlik, axloqiy poklik, halollik ramzi bo‘lib kelgan. Taassufki, ayrim tamagir, ta’limga tasodifan kirib qolgan, o‘z manfaatini xalq manfaatidan ustun qo‘yadigan kimsalar tufayli ta’lim muassasalari xalq nazarida ma’lum darajada obro‘sizlandi.
Ilmni har doim hamma narsadan ustun qo‘yib kelgan, nopok ishlardan xazar qilgan, ma’naviyati va madaniyati yuksak bo‘lgan o‘zbek xalqi uchun korrupsiya mutlaqo yarashmaydigan illatdir.
Ayniqsa, endigina hayot yo‘llarida qadam tashlayotgan, beg‘ubor qalbi, musaffo ko‘zlari-la o‘z kelajagiga ishonch bilan boqib turgan yosh yigit-qizlarni korrupsiya domiga tortish bu – eng mudhish jinoyat sanaladi.
Shu bois, O‘zbekistonda taraqqiyotimizning yangi bosqichida bu illatga qarshi kurashning eng samarali usullarini mujassam etgan kompleks yondashuvga Davlatimiz rahbari tomonidan asos solinganini alohida e’tirof etish zarur.
Ayniqsa, 2017–2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi o‘zining tub mohiyati bilan aynan korrupsiyani tag-tomiri bilan yo‘q qilishga qaratilgan tarixiy hujjat bo‘ldi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 27 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida ta’lim sohasini “korrupsiyasiz soha”ga aylantirish g‘oyat dolzarb vazifa etib belgilandi.
Farmonga ko‘ra, 2019 yil 1 avgustdan boshlab eksperiment tariqasida aynan oliy ta’lim sohasida “korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish belgilab qo‘yilganida chuqur ma’no bor. Chunki, mamlakatda kechayotgan har qanday islohotning muvaffaqiyati birinchi navbatda ta’limga bog‘liq.
Shu bois, Prezidentimizning joriy yil 24 va 28 may kunlari oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, professor-o‘qituvchilar va ilm-fan sohasi vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvlari chog‘ida o‘quv dargohlarida uchrab turgan tamagirlik bilan bog‘liq holatlar chuqur tahlil qilinib, bu illat tanqid qilindi. Korrupsiya ta’lim-tarbiya tizimi uchun eng katta xavf sifatida e’tirof etildi.
Hurmatli vatandoshlar!
Mamlakatimizda barcha jabhalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar ta’lim sifatini tubdan takomillashtirish, bilim maskanlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yoshlarni oliy ta’limga keng jalb qilish kabi ishlarda o‘zining yorqin ifodasini topmoqda.
Hududlarda yangi oliy ta’lim muassasalarining tashkil etilishi, kadrlar tayyorlashning zamonaviy ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklari hamda sirtqi va kechki bo‘limlarning ochilishi, oliy ta’lim muassasalariga qabul ko‘rsatkichlarining oshirilishi mazkur yo‘nalishdagi muhim islohotlar hisoblanadi.
Respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalari soni 77 tadan 110 taga yetdi, ulardan 19 tasi xorijiy oliy ta’lim muassasalarining filiallari. So‘nggi ikki yilda 12 ta xorijiy oliy ta’lim muassasasi filiallari tashkil etildi (AQSH – 1, Rossiya – 5, Janubiy Koreya – 3, Latviya – 1, Hindiston – 2).
Birgina 2018/2019 o‘quv yilida 20 ta oliy ta’lim muassasasida 10 ta xorijiy davlatning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda 33 ta ta’lim yo‘nalishi va 14 ta mutaxassislik bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturi asosida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.
Iqtisodiyotning real sektorlarida mavjud ehtiyojdan kelib chiqqan holda joriy o‘quv yilidan boshlab 66 ta zamonaviy ta’lim yo‘nalishi va 48 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilishi farzandlarimiz uchun keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Oliy ta’limga davlat byudjetidan 2018 yilda 875,9 mlrd so‘m ajratilgan bo‘lsa, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 1 trln 288,4 mlrd so‘mga yetdi yoki qariyb 1,5 baravarga ko‘paydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 11 iyuldagi oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish, sohada davlat boshqaruvi samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan Farmoni va Qarori oliy ta’lim sohasi uchun tarixiy voqea bo‘ldi.
Ularda oliy ta’lim muassasalarini bosqichma-bosqich o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazish, shuningdek rektorlarga talabalarni to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish parametrlarini belgilash, yangi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarini ochish kabi vakolatlarni berish nazarda tutilgan.
Bu o‘z navbatida oliy ta’lim muassasalari rahbarlarining mustaqilligini oshirish bilan birga, rektorlarga juda katta mas’uliyat yuklaydi. Ammo, tan olishimiz kerak, guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, tizimda mas’ul xodimlar o‘rtasida korrupsiya bilan bog‘liq holatlar yo‘qolmagan. Ana shu kabi holatlarni ham bartaraf etib, tizimni korrupsiyadan xoli sohaga aylantirishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, taqdim etildi.
Muhtaram professor-o‘qituvchilar!
Dunyodagi eng sharafli kasb egalari sanalgan aziz ustozlar, murabbiylar!
Bugun islohotlar o‘zining hal qiluvchi eng yuqori bosqichiga ko‘tarilgan bir paytda ulug‘ bobolarimiz – buxoriylar, xorazmiylar, samarqandiylar, nasafiylar, termiziylar, farg‘oniylar, shoshiylardan meros bo‘lib qolgan halollik va poklikni shior qilib, farzandlarimizga ilm-fan sirlarini o‘rgatishda munosib avlod bo‘laylik!
Muhtaram Prezidentimiz bizning ishlashimiz, yaxshi yashashimiz, dunyoga chiqishimiz uchun cheksiz shart-sharoitlarni yaratib bermoqda. Bir-biridan muhtasham qilib qurilayotgan zamonaviy ilm-fan dargohlari biz va bolalarimiz uchundir.
Ularga korrupsiyaning suvarakdek o‘rmalab kirishiga aslo yo‘l qo‘ymaylik. O‘z bilimi va kuchiga astoydil ishongan farzandlarimizning ilm sirlarini o‘rganishlari uchun tayanch bo‘laylik.
Bugun oliy ta’lim tizimiga juda katta e’tibor ko‘rsatilayotgan bir paytda yoshlarning vatanparvar, yurtga sadoqatli va har jihatdan barkamol bo‘lib voyaga yetishiga tahdid solayotgan korrupsiyaga qarshi birgalikda kurashaylik!
Aziz yurtdoshlar!
Yuqoridagilar bilan bir qatorda, biz – O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimining barcha rahbar va xodimlari “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun va O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi ijrosini samarali ta’minlashda oliy ta’lim sohasidagi islohotlarning o‘ta muhim ahamiyatini va dolzarbligini to‘liq anglagan holda:
birinchidan, oliy ta’lim muassasalarini tajribali, halol va pok vijdonli, mas’uliyatli professor-o‘qituvchi va xodimlardan shakllantirib, ularning vazifalarini aniq belgilab beramiz;
ikkinchidan, abituriyentlarning oliy o‘quv yurtlariga qabul qilish jarayoniga, kasbiy (ijodiy) imtihonlarni o‘tkazishga, talabalar bilimini baholashga hamda o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklashga, o‘qishlarini boshlashi uchun turli xil sun’iy to‘siqlarga, fuqarolardan har xil noqonuniy to‘lov undirilishiga yo‘l qo‘yilmasligiga ko‘maklashadigan “Jamoatchilik kengashi”ni tashkil etib, adolat va shaffoflikni ta’minlaymiz;
uchinchidan, talabalarning o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash to‘g‘risidagi murojaatlarini rad etish, ortiqcha hujjatlar talab qilish holatlarining oldi olinishini, shuningdek, fuqarolarning arizalarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi hamda ortiqcha ovoragarchiliklarga yo‘l qo‘yilmasligini ta’minlab beramiz;
to‘rtinchidan, professor-o‘qituvchi va talaba o‘rtasidagi byurokratik to‘siqlarga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rib, ularning faoliyatini doimiy tahlil qilib borishni, baholash mezonlaridagi shaffoflikni kuchaytirib, adolat ularning bilimini baholashda asosiy faktor bo‘lishini belgilovchi choralarni ko‘ramiz;
beshinchidan, oliy ta’lim muassasalarini moliyalashtirishning (davlat byudjeti, shu jumladan, markazlashtirilgan mablag‘lar hisobidan, o‘qitishning to‘lov kontrakt shakli, rivojlantirish jamg‘armasi va grant mablag‘lari hisobidan) amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlariga rioya qilinishini, xarajatlar ko‘rsatkichlarini shakllantirish tartibiga amal qilish va ichki moliyaviy taftish ishlarini takomillashtirishni, ushbu jarayonda korrupsiyaga oid holatlarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etilishini qat’iy nazoratga olamiz;
oltinchidan, kadrlarni qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini tayyorlash va tatbiq etish, xodimlarni ishga qabul qilish va lavozimga tayinlash, ta’lim muassasalarini maqsadli o‘rganish kabi masalalar bilan bog‘liq barcha ishlarda korrupsiyaning oldini olish va shaffoflikni ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratamiz;
yettinchidan, tizimda korrupsiyaning oldini olish va barcha jarayonlarda shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot, tushuntirish ishlari hamda ma’naviy-ma’rifiy va tashkiliy tadbirlarni (o‘rganishlar, ijtimoiy so‘rovlar, tanlovlar va boshqalar) yuqori saviyaga ko‘taramiz.
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan o‘qishga adolatli yo‘l bilan kirishga erishishning barcha tashkiliy-huquqiy jihatlari to‘la yaratib berildi. Faqat ularga qat’iy amal qilish qoldi, xolos. Eng to‘g‘ri yo‘l – bilim yo‘li, adolat yo‘lidir! Adolat esa o‘zaro hamjihatlik va birlikdadir.
Biz, oliy ta’lim tizimi rahbarlari, ko‘p sonli rektorlar, professor-o‘qituvchilar va jamoatchilik vakillari bilan birgalikda korrupsiyaga qarshi kurashib, farzandlarimizning kelajagi va Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida sidqidildan xizmat qilishga va’da beramiz.
LiveBarchasi