Noqonuniy kriptovalyuta savdosi bilan shug‘ullangan yigit 5 sutkaga qamaldi

3-sahifa

image

Toshkent shahrida tegishli hujjatlarsiz kriptovalyuta oldi-sotdisi bilan shug‘ullangan 26 yoshli yigit 5 sutkaga qamaldi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.

Hukmda keltirilishicha, joriy yilning 7 oktyabr kuni Toshkent shahar IIBB ATSJQKB xodimlari tomonidan “Mexc” platformasi tekshirilganda fuqaro X.T. 2023 yilning boshlaridan hozirgi kunga qadar o‘ziga tegishli Redmi rusumli uyali telefoni orqali tranzaksiya bo‘limi bilan hech qanday tegishli hujjatlarsiz bir necha marotaba kriptovalyuta sotib olish, boshqa shaxsga o‘tkazish amaliyotini amalga oshirgani aniqlangan.

Joriy yilning 16 oktyabr kuni holat yuzasidan Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudida ochiq sud majlisi bo‘lib o‘tgan. Mazkur sud majlisida X.T. rostdan ham noqonuniy kriptovalyuta oldi-sotdisi bilan shug‘ullanganini tan olgan va qilgan ishidan pushaymonligini aytib, suddan o‘ziga yengillik berishni so‘ragan.

Sud qarori bilan X.T. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 155 prim 4-moddasining 1-qismida (Kripto-aktivlarni qonunga xilof ravishda olish, o‘tkazish yoki ayirboshlash, belgilangan tartibda litsenziya olmasdan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilgan va unga nisbatan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.  Shuningdek, uning telefoni davlat foydasiga musodara qilingan hamda X.T.dan Toshkent shahar IIBB Maxsus qabulxonasi foydasiga oziq-ovqat uchun 281 ming 250 so‘m miqdoridagi pul undirilishi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq  Toshkentda 25 yoshli talaba yigit telefon va plastik kartadan kripto-aktivlarning noqonuniy faoliyati bilan shug‘ullangani uchun 10 sutkaga qamalgandi. Notcoin’ni noqonuniy sotgan 19 yoshli yigitga esa  7 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. Shuningdek, ashyoviy dalil sifatida undan olingan iPhone 13 Pro Max rusumli uyali telefon majburiy ijro organi tomonidan davlat foydasiga musodara qilingan.

 


Maqola muallifi

Teglar

kriptovalyuta kriptovalyuta oldi-sotdisi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing