Nishonda “Tolibon”. AQSH Afg‘onistonga bir necha harbiy hujumlar uyushtirdi

Olam

image

AQSH harbiylari Afg‘onistonda “Tolibon”ga qarshi kurashayotgan hukumat kuchlarini qo‘llab-quvvatlash uchun bir necha marta havo hujumlarini uyushtirdi. Bu haqda “Associated Press” nashri  AQSH rasmiylariga tayanib xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, hujumlar strategik ahamiyatga ega hisoblangan Afg‘onistonning Qandahor viloyatiga qaratilgan. AQSH Mudofaa vazirligi vakilining so‘zlariga ko‘ra, havo hujumining aksariyati dronlar yordamida amalga oshirilgan. Ular “Tolibon” harakati tomonidan Afg‘oniston Milliy mudofaasi va Xavfsizlik kuchlaridan tortib olingan harbiy texnikani nishonga olgan.

Qayd etilishicha, Qo‘shma Shtatlar ushbu havo hujumi uchun Yaqin Sharqda joylashgan harbiy bazasi samolyotlaridan foydalangan bo‘lishi mumkin. Bunday havo hujumlari joriy yilning 31 avgust kuni — AQSH Afg‘onistondan barcha qo‘shinlarini olib chiqib ketgunga qadar amalga oshirilishi kutilmoqda.

“So‘nggi bir necha kun ichida biz Afg‘oniston Milliy mudofaa va xavfsizlik kuchlarini qo‘llab-quvvatlash uchun havo hujumlari bilan harakat qildik”, deydi Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbi.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy Osiyo davlatlarining xavfszligi hamda harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun Rossiya joriy yilning iyul oyi oxiri va avgust oyi boshlarida Afg‘oniston chegarasiga harbiy samolyotlarini yuboradi. Tojik-afg‘on chegarasida o‘tkaziladigan harbiy mashg‘ulotlarga O‘zbekiston ham jangovar samolyot, zirhli texnika va maxsus kuchlarini yuboradi. Qayd etish joiz, Rossiya tanklarini tojik-afg‘on chegarasiga yuborib ulgurdi

Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik

Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi. 

Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, ItaliyaAvstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

238

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing