Nishonda Putin, Usmonov, Abramovich... AQSHda Rossiyaga qarshi aqlga sig‘mas qonun ishlab chiqildi
Olam
−
22 yanvar 2022 30459 2 daqiqa
AQSH Kongressi a’zosi Jim Benks "Putinning javobgarligi to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ishlab chiqdi. Loyihada Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, uning oila a’zolari, badiiy gimnastika bo‘yicha Olimpiada chempioni Alina Kabayeva va tadbirkor, amaldor, davlat telekanallari rahbarlari va yirik korporatsiyalar boshqaruvchilarini ichiga olgan 35 kishiga nisbatan sanksiya joriy etishni taklif qiladi. Bu haqda "The Washington Post" xabar bergan.
Ro‘yxatda o‘tgan yili Navalniy guruhi tomonidan sanksiya kiritish taklif qilingan shaxslar to‘liq takrorlangan.
Qonun bilan milliarderlar Roman Abramovich, Alisher Usmonov, Gennadiy Timchenko va Oleg Deripaskaga nisbatan shaxsiy sanksiyalar joriy etish taklif qilinmoqda. Shuningdek, "Rosneft" rahbari Igor Sechin, "Transneft" boshlig‘i Nikolay Tokaryov, "Gazprom" raisi Aleksey Miller va VTB rahbari Andrey Kostin, Moskva meri Sergey Sobyanin, Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobyov va Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov, Federal xavfsizlik xizmati rahbari Aleksandr Bortnikov va uning o‘g‘li Denis, Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushevning o‘g‘li, Putin apparatining sobiq rahbari Igor Shuvalov, Prezident ma’muriyati rahbari, shu jumladan sobiq bosh vazir Sergey Kiriyenko , hozirgi hukumat rahbari Mixail Mishustin va boshqalarni "qora ro‘yxat"ga kiritish taklif qilingan.
Ro‘yxatga RT rahbari Margarita Simonyan va Birinchi kanal rahbari Konstantin Ernst, Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov va MSK raisi Ella Pamfilova ham kiritilgan.
Hujjat AQSH Prezidentiga sanksiyalar ro‘yxatidagi shaxslarning mulkini bloklash va ularning mamlakatga kirishini taqiqlash imkonini beradi. Hujjatda Rossiya terrorizmga homiylik qiluvchi davlat sifatida, Donbassdagi Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlangan jangarilar esa terrorchi sifatida tan olinishi talab etiladi. Qonun loyihasi amerikaliklarning Rossiya davlat qarzi bilan operatsiyalarini sezilarli darajada cheklaydi.
Qonun loyihasi, shuningdek, “Shimoliy oqim 2” gaz quvuri, jumladan “quvurni loyihalashtirish, qurish va texnik xizmat ko‘rsatish” bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarga nisbatan sanksiyalarni ham nazarda tutadi.
Bundan tashqari, kongressmenlar AQSH Prezidenti jamoasini qonun kuchga kirganidan keyin olti oy ichida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, uning oila a’zolari, Putin bilan aloqador gimnastikachi Alina Kabayevaning shaxsiy holati va daromad manbalari to‘g‘risidagi hisobotni e’lon qilish majburiyatini yuklashni taklif qilishdi.
Benksning qonun loyihasi Kongressda Rossiyaga, Rossiya rasmiylari va tadbirkorlariga qarshi sanksiyalar bo‘yicha bir nechta takliflar bilan raqobatlashadi. Shu bilan birga, shu hafta Rossiya prezidentining shaxsan o‘ziga nisbatan sanksiyalar joriy etish taklif qilingan edi.
Live
Barchasi