“Nima bo‘ldi, janob Putin?”. Ozarbayjon televideniyesi Putinni keskin tanqid qildi (video)
Olam
−
30 iyun 2025 21671 5 daqiqa
Rossiyaning Yekaterinburg shahridagi reydda Ozarbayjon fuqarolarining vafoti ortidan AzTV Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni va Moskvadagi ozarbayjonliklarga qarshi olib borilayotgan siyosatni keskin tanqid qildi. Bu haqda AzTV raisi Ravshan Mammadov “Hafta” tahliliy-informatsion dasturida fikr bildirdi.
“Nima bo‘ldi, janob Putin? Ozarbayjonning mintaqada kuchli davlatga aylanishi, so‘nggi 200 yilda ilk bor bir qarich yer bermay, balki o‘z kuchi bilan yer qaytarib, suverenitet va hududiy yaxlitligini tiklashi, milliy manfaatlarini himoya qilishi, Prezident Ilhom Aliyevning global sahnada yetakchi sifatida tan olinishi va eng yirik xalqaro minbarlardan e’tirof etilishi sizni shunchalik bezovta qilyaptimi? Biz tushunamiz, axir siz buyuk Rossiya o‘z hududiga majburan qo‘shib olgan xalqlar ustidan hukmronlik qilishga o‘rgangansiz”, deydi Mammadov.
Shuningdek, u Podsho Rossiyasi davrida ham, Ittifoq zamonida ham “oliy irq” deb rus xalqi hisoblanganini, ozarbayjonliklar, o‘zbeklar, qozoqlar, qirg‘izlar, turkmanlar va boshqa xalqlar esa har doim ikkinchi darajali xalq sifatida ko‘rilganini aytgan.
“Bugun esa ikkala imperiya tarixning chiqindixonasiga uloqtirilgan bo‘lsa-da, bu qarash o‘zgarmadi, bu an’ana davom etmoqda. Bir paytlar Stalin bosh ko‘tarib erkinlik talab qilganlarni NKVD orqali yo‘q qilgan bo‘lsa, bugun Putin haqiqatni aytganlarni OMON bilan jazolaydi. Ya’ni 1937 yil davom etmoqda – yanada qattiq, yanada dahshatli”, deydi jurnalist.
Bundan tashqari u, “Kreml rasmiylari va ayniqsa Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bu 1937 yil emas, 2025 yil ekanini anglayaptimi?”, deya savol qo‘ygan.
“Bir vaqtlar Ittifoq tarkibida bo‘lgan davlatlar allaqachon 30 yildirki mustaqil. U anglayaptimi: tarix hech narsani unutmadi! Na Stalin davridagi repressiyalarni, bu davrda ozarbayjon xalqining ziyolilari yo‘q qilinganini, na 20 yanvar voqealarini, na Xo‘jali qatliomini, na Ozarbayjon yerlarining bosib olinishi va 30 yil davomida bu yerlarning ishg‘ol ostida bo‘lishini – bu yerda yuzada Armaniston bo‘lsa-da, orqasida aynan Rossiya turgani ayon”, deydi Mammadov.
U Qarabog‘ muammosining yechilishiga Rossiya yo‘l qo‘ymaganini da’vo qilgan.
“Ha, aynan Rossiya. 30 yil davomida o‘zi yaratgan Qarabog‘ muammosining yechilishiga yo‘l qo‘ymagan va bu yillar davomida aynan Ozarbayjonning Qarabog‘ tomirini bosish orqali bizga cheksiz azoblar bergan, asabimiz va milliy g‘ururimiz bilan o‘ynagan Rossiya bugun Qarabog‘ masalasi hal etilgach, o‘zining g‘azabini mamlakatida yashayotgan ozarbayjonliklarga qaratmoqda”, deydi u.
Ravshan Mammadov keyin Rossiya kuch ishlatar tuzilmalarining Yekaterinburgdagi reydi videolavhasini namoyish etgan.
“Mana, qarang. OMON maxsus bo‘linmasi Yekaterinburg shahrida aynan ozarbayjonliklar yashaydigan o‘ndan ortiq uylarga reyd o‘tkazmoqda. Safarovlar oilasiga uyushtirilgan bosqin vaqtida tinch fuqarolar shafqatsizlarcha kaltaklanib o‘ldirildi, tirik qolganlar hibsga olindi. Bu zo‘ravonliklar ozarbayjonliklarga nisbatan birinchi ham, oxirgisi ham emas. Bu vahshiylik aynan Qarabog‘dagi g‘alabadan so‘ng Rossiyaning ozarbayjonliklarga qarshi kuchaygan shovinistik siyosatining, qasos operatsiyasining bir qismi”, deydi u.
Shu bilan birga, u o‘tgan yili dekabr oyida Ozarbayjon samolyotining Qozog‘istonda “Rossiya tomonidan urib tushirilgan”ini ham aytib o‘tgan.
“Endi esa Rossiya tomoni voqeani o‘rganyapmiz, deydi. Nima o‘rganiladi? O‘tgan yil dekabr oyida Bakudan Grozniyga uchayotgan AZAL samolyoti aynan Rossiya osmonida raketa bilan urib tushirilgan edi. 38 kishi halok bo‘ldi. Rossiya bu fojia ortidan hatto ochiq, rasmiy uzr so‘ray olmadi. Ozarbayjonlik deputat Moskva aeroportida hech qanday sabab ko‘rsatilmasdan qo‘lga olinib, mamlakatga kiritilmadi. Ko‘plab kiberhujumlar to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiyadan kelmoqda. Solovyov kabi unsurlar Ozarbayjon xalqiga tahdidlar yo‘llamoqda – bu ham oddiy YouTube kanalida emas, balki Rossiyaning davlat telekanalida”, deydi Mammadov.
Hammasi nimadan boshlangandi?
27 iyun kuni Rossiyaning Yekaterinburg shahrida Federal xavfsizlik xizmati tomonidan ozarbayjonliklar yashaydigan manzillarda o‘tkazilgan reydlar oqibatida Ozarbayjon Respublikasi fuqarolari vafot etgandi. Reydlar davomida 9 kishi hibsga olingan.
Rossiya tomoni o‘z bayonotida Yekaterinburgda “o‘tgan yillarda sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilish doirasida bir qator shaxslar qo‘lga olingani, ularning uylarida tintuv o‘tkazilganini” ma’lum qilgan. Rus OAVning yozishicha, reydlar chog‘ida “Boku Plaza” savdo markazida ham tintuv o‘tkazilgan.
Qayd etilishicha, Yekaterinburgda 50 dan ortiq ozarbayjonlik ushlangan, ayrimlari so‘roqdan so‘ng qo‘yib yuborilgan. Bu ushlashlar 2001 yilda bir savdogar o‘ldirilgan holat bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi doirasida amalga oshirilgan. O‘shanda marhum “Kaspiy” kafesi yonida pichoqlangan. Qotillikda kafe egalari aka-uka Ziyoddin va Husay Safarovlar gumonlanuvchiga aylangan. Marhum jon berishidan oldin ularning ismlarini aytgan. O‘sha vaqtlarda Safarovlarni javobgarlikka tortishning iloji bo‘lmagan. Aka-ukalar 24 yil o‘tib, bu ishni allaqachon yopilgan deb hisoblagan.
Safarovlar oilasining tanishiga ko‘ra, hibsga olish chog‘ida aka-uka o‘zini yomon his qilayotganini aytgan. Ular shifoxonaga yotqizilgan. Aka-ukalar vafot etgan.
Manbalarning xabar berishicha, tergov doirasida Ozarbayjon diasporasi rahbari Shohin Shixlinskiy ham so‘roq qilingan. Biroq Shixlinskiy bu ma’lumotlarni “yolg‘on va bo‘hton” deb atagan.
Rossiyaning Bakudagi elchixonasining muvaqqat ishlar vakili Pyotr Volokov Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilib, unga rasmiy norozilik bildirilgan. Bayonotda aytilishicha, reyd oqibatida ikki ozarbayjonlik vahshiylarcha o‘ldirilgan, bir necha kishi og‘ir yaralangan, to‘qqiz kishi hibsga olingan.
Shuningdek, Ozarbayjondagi barcha madaniy tadbirlar, jumladan, Rossiya davlat va xususiy muassasalari tomonidan o‘tkazilishi rejalashtirilgan konsertlar, festivallar, spektakllar, ko‘rgazmalar bekor qilindi.
Bundan tashqari, Milliy Majlis Matbuot va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi Milliy Majlis raisining birinchi o‘rinbosari Ali Ahmedov boshchiligidagi delegatsiya Moskvada bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan Ozarbayjon va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiyaning 23-yig‘ilishida ishtirok etmasligini bildirdi.
Live
Barchasi