Nilufardan Qobiljongacha. Rossiyada 22 yil ichida kamida 6 nafar tojik bola o‘ldirilgan

Olam

image

Rossiyaning Moskva viloyatidagi maktablardan birida 10 yoshli tojik o‘smir Qobiljon Aliyevning shafqatsizlarcha o‘ldirilishi fuqarolik jamiyatida katta xavotir uyg‘otdi. U kunduz kuni, maktab ichida, milliy nafrat asosida o‘ldirilgan. Rossiya Tergov qo‘mitasining ma’lum qilishicha, qotillikda gumonlanuvchi 15 yoshli Rossiya fuqarosi bo‘lgan.

Tojikistonning vakolatli organlari ushbu jinoyat tafsilotlarini rasmiy ravishda o‘rganishga kirishdi. Respublika Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning Tojikistondagi elchisini chaqirib, unga “norozilik notasi” topshirdi hamda “ushbu fojiali hodisani zudlik bilan, xolis va beg‘araz tergov qilish, aybdorlarni qonun doirasida javobgarlikka tortish”ni talab qildi.

Ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda Rossiya IIV rahbari Vladimir Kolokolsev bilan telefon orqali suhbatda sodir bo‘lgan voqeaning sabablari va holatlarini har tomonlama tekshirishni hamda tegishli choralar ko‘rishni so‘radi.

Rossiya TIV ham ushbu shafqatsiz qotillikka munosabat bildirib, Tojikiston va marhum bolaning yaqinlariga hamdardlik bildirdi. Shuningdek, Rossiya tomoni xolis va ob’ektiv tergov olib borilayotganini ma’lum qildi.

Bu Rossiyada tojik bolasi milliy nafrat asosida o‘ldirilgan ilk holat emas. Ommaviy axborot vositalarida Rossiyada so‘nggi 22 yil ichida kamida 6 nafar tojik bolaning shafqatsizlarcha o‘ldirilishi yoritilgan. Migratsiya masalalari bo‘yicha ekspertlarning fikricha, bunday qotilliklar Rossiyada migrantofob muhit shakllanishi va ksenofobiya uchun jazosizlik oqibatidir.

Qobiljonning o‘ldirilishi

10 yoshli Qobiljon Aliyev joriy yil 16 dekabr kuni Moskva viloyati Odinsovo tumani Uspenskiy maktabida o‘sha maktabning o‘quvchisi tomonidan pichoq bilan o‘ta shafqatsizlarcha o‘ldirildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoyozuvda 15 yoshli Timofey K. hujumdan oldin o‘quvchilardan “Qaysi millatdansan?” deb so‘rayotgani aks etgan. Qo‘riqchi uni to‘xtatishga uringan, biroq Timofey uning yuziga ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz sepib, pichoq bilan yaralagan. Shundan so‘ng u bolalarga hujum qilib, Qobiljonni o‘ldirgan. Qotillikdan keyin Timofey sinfxonalardan biriga berkinib olgan va u yerda huquq-tartibot organlari tomonidan qo‘lga olingan.

Qobiljon ushbu maktabda akasi bilan birga o‘qigan, uning onasi esa shu yerda farrosh bo‘lib ishlagan. Bolalarning otasi yaqinda vafot etgan.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, o‘smir o‘quvchilarga milliy nafrat asosida hujum qilgan. Xususan, u hodisadan oldin sinfdoshlariga “Mening g‘azabim” nomli “manifest” yuborgan bo‘lib, unda yahudiylar, musulmonlar, antifashistlar va liberal qarashdagi shaxslarga qarshi fikrlar bildirgan.

Tergov qo‘mitasining xabar berishicha, qo‘lga olingan o‘smir aybiga iqror bo‘lgan. Unga nisbatan qotillik va qotillikka suiqasd moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan (Rossiya Jinoyat kodeksining 105-moddasi 3-qismi, 30-moddasi 2-qismi, 105-modda). 

2022 yil. Daler Bobiyevning o‘ldirilishi

5 yoshli Daler Bobiyev 2022 yil dekabr oyida Yekaterinburg shahrida o‘z vasiylari – Rossiya fuqarolari Aleksandr va Veronika Naumovalar tomonidan o‘ldirilgan. Uning jasadi 6 oy o‘tib – 2023 yil iyun oyida topilgan.

Sudda guvohlar Aleksandr Naumov 5 yoshli bolani bir necha bor skotch bilan stulga bog‘lab qo‘yganini va uzoq vaqt ovqat bermaganini aytgan. Ushbu qiynoqlar sabab bola bir necha bor uydan qochishga uringan.

2023 yil 26 iyunda Veronika Naumova Daler yo‘qolganini bildirgan. Yuzlab mahalliy aholi uni qidirishda qatnashgan. 29 iyun kuni bolaning jasadi vasiylar uyiga yaqin joyda qop ichida yashirilgan holda topilgan. Bola 2022 yil dekabridayoq o‘ldirilgani aniqlangan.

2024 yil sentyabrida Aleksandr Naumov bolani shafqatsiz qiynaganlik uchun 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. 2025 yil iyulida Veronika Naumova bolani o‘ta shafqatsizlik bilan o‘ldirgani uchun 24 yilga qamaldi.

2018 yil. Huvaydo Tillozodaning o‘ldirilishi

5 yoshli Huvaydo Tillozodaning o‘ldirilishi Rossiyada tojik bolalariga qarshi eng rezonansli jinoyatlardan biri bo‘lgan. Moskva viloyatining Serpuxov tumanida u avval zo‘rlangan, so‘ng o‘ldirilgan.

2018 yil 22 iyulda Huvaydo bolalar maydonchasidan bedarak yo‘qolgan, ertasi kuni uning jasadi sport sumkasidan topilgan. Sud-tibbiy ekspertiza avval zo‘rlash, keyin pichoq bilan o‘ldirish holatini tasdiqlagan.

Qotillikda Rossiya fuqarosi, unga qo‘shni bo‘lib yashagan 28 yoshli Aleksandr Syomin ayblangan. Biroq ish deyarli 5 yil davom etgan. 2023 yil martida u 24 yilga, 2023 yil sentyabrida esa umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan.

2015 yil. Umarali Nazarovning o‘limi

5 oylik Umarali Nazarovning o‘limi 2015 yilning eng og‘riqli voqealaridan biri bo‘lgan. 2015 yil 13 oktyabr kuni Sankt-Peterburgda migratsiya xizmati xodimlari Tojikiston fuqarosi Zarina Yunusovani hibsga olib, uni 5 oylik farzandidan ajratgan.

Oradan bir necha soat o‘tib, o‘sha kunning o‘zida yarim tunda bola noma’lum holatda shifoxonada vafot etgan. Ekspertiza sabab sifatida sitomegalovirus infeksiyasini ko‘rsatgan, holbuki shifoxonaga yotqizilganda bolaning ahvoli qoniqarli deb baholangan.

Hodisa to‘liq tergov qilinmagan, hech kim javobgarlikka tortilmagan. Ona esa Rossiyadan 5 yilga deportatsiya qilingan.

2004 yil. Xurshida Sultonovaning o‘ldirilishi

9 yoshli Xurshida 2004 yil 9 fevralda Sankt-Peterburgda millatchilar tomonidan o‘ldirilgan. Hujum paytida “Rossiyadan yo‘qoling!” degan hayqiriqlar bo‘lgan. Qiz 11 pichoq zarbasidan vafot etgan.

Dastlab aybdorlar yengil jazolangan, faqat 2011 yilda guruh a’zolari qayta qo‘lga olinib, 7 yildan 11,5 yilgacha qamoq jazosi olgan.

2003 yil. Nilufar Sangboyevaning o‘ldirilishi

5 yoshli Nilufar Sangboyeva 2003 yil 23 sentyabrda Sankt-Peterburgda neonatsistlar tomonidan o‘ldirilgan. Bu OAVda qayd etilgan ilk holat edi. Qiz metall kastet va pichoq bilan o‘ldirilgan. Jinoyat milliy nafrat asosida sodir etilgani rasman tan olingan.

“Migrantofobiya radikallarni rag‘batlantiradi”

Migratsiya bo‘yicha ekspert Shuhrat Latifining fikricha, Rossiyada migrantlarga nisbatan salbiy munosabat siyosiy va axborot makonida kuchaygani sari zo‘ravonlik ham oshmoqda.

“Faqat Qobiljon o‘ldirilganidan keyin 24 soat ichida 1700 dan ortiq odam internetda qotilni qo‘llab-quvvatladi. Bu juda xavfli signal”, deydi u.

Ekspert jinoyatlar sababini profilaktikaning yo‘qligi, diskriminatsiyaga qarshi ta’limning yetishmasligi va jazolashning sustligida ko‘radi.

“Rasmiylar tomonidan migrantofobiyani cheklash mexanizmi bo‘lmaguncha va nafratni targ‘ib qilgan mansabdorlar jazolanmaguncha, radikalizm kuchayaveradi”, deya xulosa qiladi Latifi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing