Nigohlar to‘qnashdi. Navbat jangga
Sport
−
17 noyabr 2023
5778Bugun, 17 noyabr kuni Toshkent shahridagi “Humo arena”da profboks oqshomi bo‘lib o‘tadi. 16 noyabr kuni esa turnir oldidan vazn o‘lchash va face-to-face marosimi bo‘lib o‘tdi.
Vazn o‘lchash marosimida barcha ishtirokchilar kerakli me’yorni bajardi.
Boks janglari startidan avval muay-tay bahsi bo‘lib o‘tadi. Milliy muay-tay kamari uchun ikki O‘zbekiston vakili to‘qnash keladi. Bekzodjon Tojiyev Sabit Aqilbekovga qarshi jang qiladi.
E’tiborlisi, jang oqshomida bir nechta WBC kamarlari uchun to‘qnashuvlar ham bo‘lib o‘tadi.
Birinchi o‘rta vaznda WBC International kamari uchun AQSH vakili Ermal Hadribey meksikalik Karlos Molina bilan to‘qnash keladi.
Birinchi yarim o‘rta vaznda WBC Central Asia kamari uchun o‘zbekistonlik Mujibillo Tursunov Yangcheng Jin bilan kuch sinashadi.
O‘rta vaznda WBC Elimanator jangida Qozog‘iston vakili Meyirim Nursultanov chililik Xulio Alamosga qarshi ringga ko‘tariladi.
"Co main event" jangi ikkinchi o‘ta yengil vaznda WBC vaqtinchalik chempionlik kamari uchun ikki meksikalik bokchilar Pedro Guyevara va Karlos Kuadras jang qiladi.
WBC Central Asia turniri finalida ikki O‘zbekiston vakili to‘qnash keladi. Anvar Turopov va Suhrob Qayumov dueli o‘z vaznida Markaziy Osiyoda eng zo‘r profbokschi kim ekanligini aniqlab beradi.
Meynkardda O‘zbekiston vakillaridan Abdumalik Xalokov yarim yengil vaznda ukrainalik tajribali bokschi Aleksandr Yegorov bilan bahslashadi. Bu Abdumalikning profboksdagi debyuti ekanligini inobatga olsak, to‘qnashuv ancha shiddatli va hayajonli o‘tishi aniq.
Yarim o‘rta vaznda Qudratillo Abduqahhorov tanzaniyalik Maono Alli bilan 8-raundlik jangda ishtirok etsa, eng yengil vaznda Mirazizbek Mirzahalilov xitoylik Runki Jou bilan kuch sinashadi.
Nihoyat markaziy jang – superog‘ir vaznda 10 raundlik jangda Bahodir Jalolov JAR vakili Kris Tompsonga qarshi ringga chiqadi. Aytish joizki, ikkala charm qo‘lqop ustasi ham face-to-face'da uzoq bir-biriga tikilib turdi. Bir-biridan hayiqmagan ikkala bokschi ham nokautgacha g‘alaba uchun kurashsa ajabmas.
WBC'ning 61-Konvensiyasi doirasidagi rasmiy tadbirlar nihoyasiga yetdi. Toshkent mehmonlarining aksariyati o‘z yurtiga yoki boshqa davlatlarga jo‘nashga ham ulgurdi. Amerikalik afsonalar Tayson va Xolifild hozircha Toshkentda. Tayson kecha Toshkent bo‘ylab sayohat qildi, O‘zbekiston Professional boks federatsiyasi vitse-prezidenti G‘ofur Rahimov boshchiligida o‘zbek milliy taomlaridan bahramand bo‘ldi. Evander Xolifild esa O‘zbekiston Paralimpiya qo‘mitasining bazmida mehmon bo‘lib, o‘zbekona to‘y taxminan qanaqa o‘tishini guvohi bo‘ldi. Xolifild O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov kuylashni boshlganida o‘z o‘rnida o‘tira olmadi va raqsga tusha boshladi.
Bugun ikki bokschi ham “Humo arena”da o‘zbekistonlik bokschilar ishtirokidagi janglarni tomosha qiladi va shu bilan ularning O‘zbekistondagi sayohati nihoyasiga yetadi.
LiveBarchasi