Nig‘matilla Yo‘ldoshev Xalqaro konferensiyada O‘zbekistonning sof Islom va terrorizm borasidagi pozitsiyasini ifoda etdi
Jamiyat
−
19 aprel 2019
4605Kecha, 18 aprel kuni MDH Parlamentlararo Assambleyasi majlisini o‘tkazish doirasida xalqaro terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Konferensiya ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev so‘zga chiqdi.
U global xususiyat kasb etgan va butun xalqaro hamjamiyat manfaatlariga xavf soladigan xalqaro terrorizm hozirgi zamonning eng dolzarb masalalaridan biriga aylanganini ta’kidladi.
O‘zbekiston rahbariyati yuqori minbarlardan jahon jamoatchiligi e’tiborini terrorizmga qarshi kurashishda hamkorlik qilish zarurligiga qaratmoqda va xalqaro hamkorlikni kengaytirish yuzasidan muhim tashabbuslar bilan chiqmoqda.
MDH mamlakatlari parlamentlari a’zolari va xalqaro parlament tuzilmalari e’tiboriga O‘zbekistonning xalqaro terrorizmga qarshi kurashishdagi yondashuvlari yetkazildi. Shu nuqtai nazardan terrorizmga, ekstremizm va radikalizm mafkurasiga qarshi kurashish masalalarida O‘zbekiston nuqtai nazari o‘zgarmaganligi qayd etildi. Terrorizmga qarshi kurashishning nafaqat kuch ishlatish usullariga, balki ma’rifat, aholida, birinchi navbatda, yoshlarda terrorizm va ekstremizm mafkurasiga barqaror immunitet shakllantirish, uning paydo bo‘lishi uchun shart-sharoit yaratish orqali ham qarshi kurashishga e’tibor qaratildi. Senat Raisi o‘z nutqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT shafeligida Yoshlar huquqlari to‘g‘risida xalqaro konvensiya ishlab chiqish va qabul qilishga doir tashabbusiga to‘xtalgan.
Shuningdek, islom dini terrorizmga noto‘g‘ri tenglashtirilishi, islom dinining sof insoniy jihatlarini ochib berish, nafaqat ilm-fan va madaniyatga, balki butun insoniyat madaniyatining tinch rivojlanishiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning ko‘p qirrali diniy-ma’naviy merosini o‘rganish zarurligiga ham urg‘u berilgan. O‘zbekistonda tashkil etilgan O‘zbekiston Islom akademiyasi va Imom Buxoriy nomidagi Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatida MDH ishtirokchi davlatlari din vakillarining faol ishtirokiga umid bog‘layotgani qayd etilgan.
LiveBarchasi