Nigeriyada yonilg‘i avtomobili portlab ketdi. 100 ga yaqin odam halok bo‘ldi
Olam
−
16 Oktabr
3346Kecha, 15 oktyabr kuni Nigeriyaning shimolida yonilg‘i tashuvchi avtomobil halokatga uchrab, portlab ketdi. Oqibatda kamida 94 kishi halok bo‘lgan. Bu haqda CNN xabar berdi.
Nashrning yozishicha, yuk mashinasi halokatidan so‘ng odamlar undan to‘kilgan yonilg‘ini olish uchun to‘plangan paytda portlash sodir bo‘lgan. Oqibatda ularning ko‘pchiligi qurbon bo‘lgan va ularning soni yana ko‘payishi kutilmoqda. Voqea Nigeriyaning Jigava shtatidagi Majiya qishlog‘ida kechki paytda yuz bergan.
Jigava shtati politsiyasi vakili Shisu Lavon Adamning so‘zlariga ko‘ra, haydovchi boshqaruvni yo‘qotgan va avtomobil ag‘darilib, yo‘l chetidagi zovurga yonilg‘i to‘kilgan. Voqea oqibatida kamida 50 kishi og‘ir jarohat olgan, qurbonlar soni esa kamida 94 nafar.
“Aholi to‘kilgan yonilg‘ini yig‘ishga kirishgan paytda portlash sodir bo‘ldi”, deydi Adam.
Qayd etilishicha, nafaqat Nigeriya, balki Afrikaning boshqa ko‘plab davlatlarida ham yonilg‘i tashuvchi avtomobillar portlashi va halokatlari tez-tez uchraydi, chunki bu davlatlarda neft mahsulotlari ko‘pincha oddiy yo‘l orqali tashiladi.
Ma’lumot uchun, oldin ham bunday holatlar ko‘plab qurbonlarga olib kelgan. Masalan, 2020 yilda Nigeriya yo‘l xavfsizligi agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 1500 dan ortiq yonilg‘i tashuvchi avtomobil halokatlari natijasida 500 dan ortiq odam hayotdan ko‘z yumgan.
Nigeriyada benzin qimmat va yetishmovchilik bo‘lgani sababli, yashash sharoitlari og‘ir bo‘lgan aholi yonilg‘i tashuvchi avtomobillar ag‘darilib ketgan paytlarda xavf-xatarga qaramay, uni olishga urinadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili hukumat benzin subsidiyasini bekor qilganidan so‘ng, narxlar odatdagi ko‘rsatkichdan olti baravar ko‘tarilgan. Neft bo‘yicha Afrikaning yetakchi davlatlaridan biri bo‘lishiga qaramasdan, Nigeriyada qashshoqlik keng tarqalgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi Dog‘iston respublikasi poytaxti Maxachqal’adagi yonilg‘i quyish shoxobchasidagi portlash 10 kishining umriga zomin bo‘lgan edi.
LiveBarchasi