Niderlandiya Netanyaxuni hibsga olishga tayyor ekanini bildirdi
Olam
−
21 noyabr
5366Niderlandiya agar Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu mamlakat hududiga kelsa, uni Xalqaro jinoiy sudning (XJS) orderi bo‘yicha hibsga oladi. Bu haqda qirollik Tashqi ishlar vaziri Kaspar Veldkamp ma’lum qildi.
“Biz orderni ijro etishimiz aniq”, dedi Veldkamp Niderlandiya parlamenti majlisida.
Vazirga ko‘ra, Niderlandiya Xalqaro jinoiy sud qaroriga hurmat bilan qaraydi va Rim statutini 100 foiz bajaradi. Bu qaror, shuningdek, Isroil sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantning ham hibsga olinishiga tegishli.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalqaro jinoiy sud Binyamin Netanyaxu va Yoav Galantga nisbatan G‘azo sektoridagi ehtimoliy harbiy jinoyatlar uchun hibsga olish orderlari chiqargan edi. Sud orderlarni berishda Isroilning yurisdiksiyaga qarshi dalillarini rad etgan. Shundan so‘ng, Isroil Prezidenti Isxak Gersog qarorga munosabat bildirib, uni “adolat uchun qora kun” deb atadi.