Neymar Braziliya terma jamoasiga qaytmasligi mumkin
Sport
−
25 avgust 2877 2 daqiqa
Braziliyaning “Santos” futbol klubi Braziliya futbol konfederatsiyasi (CBF)ga Neymar son mushaklarining shishib qolganini ma’lum qildi. Mazkur holat sabab Neymarning Braziliya terma jamoasiga qaytishi amalga oshmasligi mumkin. Braziliyalik yulduz 21 avgust kuni mashg‘ulotlar vaqtida og‘riq sezgan, tibbiy ko‘riklardan so‘ng futbolchida jarohat aniqlangan. Bu haqda “Globo” nashri xabar berdi.
Bundan avvalroq esa Braziliya termasi bosh murabbiysi Karlo Anchelottining 2026 yilgi jahon chempionati saralash bosqichining so‘nggi o‘yinlari uchun kengaytirilgan tarkibida Neymarning borligi haqida ma’lumotlar tarqalgan edi.
“Santos” jamoasi 31 avgust kuni “Vila Belmiro” stadionida “Fluminense” klubiga qarshi maydonga tushadi. Neymar hozirda davolanish jarayonini boshlagan. Futbolchi ayni paytda klubning tibbiy bo‘limida nazoratda bo‘lib, yaqin haftada mashg‘ulotlarda ishtirok etolmaydi.
Yaqinda Neymar ketma-ket 90 daqiqalik 7 o‘yinda to‘liq qatnashdi. Jumladan, “Mineirao” stadionida “Kruzeyro” jamoasi ustidan 2:1 hisobidagi g‘alabali o‘yinda u deyarli butun o‘yinni o‘tkazib, faqat qo‘shib berilgan daqiqalarda almashtirildi. Bu natija uning 2025 yilgi mavsumda eng yaxshi seriyalaridan biri bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, Janubiy Amerika saralash bosqichida 25 ochko jamg‘argan Braziliya terma jamoasi hozirda 3-o‘rinda bormoqda va jahon chempionati yo‘llanmasini muddatdan avval qo‘lga kiritgan. Anchelotti shogirdlari 4 sentyabr kuni “Marakana” stadionida Chili va 9-sentyabr kuni El-Alto shahrida Boliviya terma jamoalari bilan bahs olib boradi.
Eslatib o‘tamiz, 17 avgust kuni “Santos” klubi hujumchisi Neymar o‘z jamoasining uy o‘yinida “Vasko da Gama”dan yirik hisobda (6:0) mag‘lub bo‘lganidan keyin maydonni ko‘z yoshlari bilan tark etgandi.
Live
Barchasi