Netanyaxu Yaqin Sharqdagi urushga yangi nom bermoqchi
Olam
−
08 Oktabr
6185Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu mamlakatning G‘azo sektori va Livanda olib borayotgan urushini rasman “Qayta tug‘ilish urushi” deb atashni taklif qildi. Bu haqda u kecha, 7 oktyabr kuni urushning 1 yilligiga bag‘ishlangan hukumatning navbatdan tashqari yig‘ilishida ma’lum qildi.
Bosh vazir 7 oktyabrdagi qirg‘inni “Xolokostdan keyingi yahudiy xalqiga qarshi eng dahshatli hujum” deb atadi. Shuningdek, u Eronning “qarshilik o‘qidagi” dushmanlariga qarshi hujumni mamlakat xavfsizligini ta’minlashning zaruriy sharti deb atagan.
“Biz mintaqada yangi xavfsizlik choralarini yaratmoqdamiz. Farzandlarimiz, kelajagimiz uchun, 7 oktyabrda sodir bo‘lgan voqea boshqa hech qachon takrorlanmasligi uchun shunday qilmoqchimiz”, degan Binyamin Netanyaxu.
Netanyaxu mamlakat yetti joyda zarba berayotganini va urush barcha belgilangan maqsadlarga erishilgunga qadar davom etishini ta’kidladi. Xususan, u G‘azoda HAMAS hukumatining ag‘darilishi, barcha o‘lgan va tirik garovga olinganlarning uylariga qaytishi, G‘azo sektoridan Isroilga har qanday tahdidning oldini olish hamda janub va shimoldagi aholining o‘z uylariga qaytishi haqida gapirdi.
“Siz xohlaganingizcha ko‘plab nomlarni o‘zgartirishingiz mumkin, lekin sizning rahbarligingiz ostida Isroil tarixidagi eng yomon falokat sodir bo‘lgani haqidagi haqiqatini o‘zgartira olmaysiz. Bu hukumat – qayta tug‘ilish hukumati emas, bu – aybdorlik hukumatidir”, deya javob qaytargan Isroil muxolifati yetakchisi Yair Lapid Bosh vazir tomonidan urushga shunday nom berish tashabbusiga.
Ma’lumot uchun, Yaqin Sharqdagi vaziyat bundan roppa-rosa 1 yil oldin – 2023 yil 7 oktyabrda keskin yomonlashdi. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, quruqlikdagi operatsiya va G‘azo sektorini bombardimon qilish oqibatida 41,9 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, 97 mingdan ortiq kishi jarohatlangan.
Eslatib o‘tamiz, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu 27 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining delegatsiyalar uchun ajratilgan o‘rindiqlarning katta qismi bo‘sh qolgan yig‘ilishida qilgan chiqishida xalqaro huquq doirasida Falastin hududi bo‘lgan Sharqiy Quddus, G‘arbiy Sohil va G‘azo sektorini “Isroil” deb belgilagan xaritalardan foydalangandi. U “baraka“ va “la’nat” so‘zlari yozilgan xaritalarni ko‘rsatgan.
LiveBarchasi