Isroil armiyasi Suriya hududiga kirdi – NYT
Olam
−
09 dekabr 2024 15054 3 daqiqa
Isroil armiyasi Suriya bilan chegaradagi Golan tepaliklaridagi bufer zonadan tashqariga chiqdi. Bu haqda ikki Isroil rasmiysiga tayanib, “The New York Times” (NYT) xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Isroil qo‘shinlarining Golan tashqarisiga qayta joylashtirilishi Suriyaning sobiq prezidenti Bashar Asadning mamlakatni tark etgani bilan bog‘liq va bu mintaqada beqarorlikning kuchayishiga olib kelishi mumkin. Nashrning yozishicha, yahudiy davlati armiyasining bufer zonadan tashqarida mavjudligini bilvosita tasdiqlash Isroil armiyasi bosh shtabi boshlig‘i Gerzi Halevining Suriya hududiga qo‘shinlar kiritilishi haqidagi bayonoti bo‘ldi.
Gerzi Halevi harbiylar bilan uchrashuvda Isroil Suriyaning chegara hududlariga quruqlikdagi qo‘shinlarini yuborib, to‘rtinchi frontni ochganini ma’lum qildi.
“Kechadan beri biz to‘rtta frontda jang qilyapmiz. Quruqlikdagi kuchlar to‘rtta frontda: Yahudiya va Samariyada, G‘azoda, Livanda terrorizmga qarshi janglarda qatnashmoqda va kecha biz Suriya hududiga qo‘shin kiritdik”, degan u.
Uning fikricha, Isroil hozirda “a’lo, yaxshi muvofiqlashtirilgan quruqlikdagi qo‘shinlarga ega: piyodalar, zirhlar, muhandislik va artilleriya bo‘linmalari”, ular SAXALning boshqa bo‘linmalari, jumladan havo kuchlari, dengiz floti va harbiy razvedka bilan chambarchas bog‘liq.
“Bu SAXALga og‘ir yillardan keyin ham mamlakatni kuchli va samarali himoya qilish imkonini beradi”, deydi Halevi.
“Kan” davlat teleradiokompaniyasining xabariga ko‘ra, Isroil harbiy-havo kuchlari Suriyadagi o‘nlab nishonlarga zarba bergan. Uning manbalariga ko‘ra, hujumlar nishoni zenit-raketa komplekslari, ballistik raketa ishlab chiqarish ustaxonalari va ularni saqlash uchun omborxonalar, havo hujumidan mudofaa tizimlari bo‘lgan.
“Bu zarbalar Isroilning Suriya osmonida harakat erkinligini ta’minlashga qaratilgan”, deya ta’kidlaydi “Kan”.
O‘z navbatida, “The Times of Israel”ning mudofaa tuzilmalaridagi manbalariga ko‘ra, Isroilning Suriyaga zarbalari “juda shiddatli” bo‘lgan. Ushbu manbalarga ko‘ra, havo hujumidan mudofaa tizimining qurollari va elementlarini ishlab chiqarish va saqlash ob’ektlaridan tashqari, zarbalarning maqsadi arab respublikasida hokimiyatning o‘zgarishi natijasida “Isroilga dushman elementlar qo‘liga tushishi mumkin bo‘lgan strategik qurollarni yo‘q qilish” edi.
Kecha, 8 dekabr kuni ertalab Isroil armiyasi Suriya bilan chegaradagi bufer zonaga o‘z kuchlarini joylashtirishni rasman e’lon qildi. Yahudiy davlati Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning aytishicha, bu harakatlar Suriyadagi so‘nggi voqealar bilan bog‘liq bo‘lib, mudofaa xarakteriga ega va vaqtinchalik chora hisoblanadi. Bundan tashqari, Netanyaxuning so‘zlariga ko‘ra, 1974 yilda Isroil va Suriya o‘rtasidagi kuchlarni taqsimlash to‘g‘risidagi kelishuvga ko‘ra, Golan tepaliklarida bufer zonada faqat BMT kuchlari bo‘lishi mumkin edi. Suriya armiyasi Damashqda hokimiyat almashgani munosabati bilan chegara hududidagi pozitsiyalaridan voz kechganligi sababli, Isroil o‘z xavfsizligiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan xavflarni to‘xtatish uchun ularni bosib olishni zarur deb hisobladi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 8 dekabr kuni “Hayat Tahrir ash-Shom” guruhi boshchiligidagi isyonchi kuchlar Suriya poytaxti Damashqqa kirgan va mamlakat rahbari Bashar Asad rejimi ag‘darilganini e’lon qilgandi. Bashar Asad oilasi bilan Moskvaga borgani aytildi. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu esa mamlakatning Suriya bilan chegarasiga bordi.