Netanyaxu ustidan sud jarayoni boshlandi

Olam

image
Isroil tarixidagi eng yirik norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi (fotogalereya) north_east

Isroil tarixidagi eng yirik norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi (fotogalereya)

Kecha, 4 dekabr kuni Quddus okrug sudida Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga qarshi korrupsiya bo‘yicha sud jarayoni yana o‘z ishini boshladi. Bu haqda “The Jerusalem Post” gazetasi xabar berdi.

Isroil Adliya vaziri Yaroiv Levin HAMASning Isroilga hujumidan so‘ng barcha shoshilinch bo‘lmagan ishlar kabi Netanyaxuga qarshi ochilgan ishni ham to‘xtatgan. Biroq o‘tgan haftada sud ishini urush sharoitlari tufayli to‘xtatib turish muddati tugadi.

Hozirda G‘azo sektorida HAMASga qarshi harbiy amaliyotlar olib borilayotgani sababli Isroil sudlari favqulodda rejimda ishlamoqda va faqat shoshilinch sud majlislarini o‘tkazmoqda. 

“4 dekabr kuni himoyachi G‘azo sektoridagi quruqlikdagi operatsiya tufayli sud majlislari sonini haftasiga ikki martagacha cheklashni so‘radi, biroq sudyalar hali bu so‘rovga javob bermadi”, deb yozadi JP.

Qayd etish joizki, uch yildan ortiq davom etgan sud jarayonida Netanyaxu firibgarlik, xalq ishonchini suiiste’mol qilish va pora olishda ayblanmoqda. Xususan, u Aloqa vaziri bo‘lgan davrida asosiy aksiyadori media-magnat Shaul Elovich bo‘lgan Isroilning eng yirik telekommunikatsiya kompaniyasi "Bezeq" manfaatlarini ilgari surgan va buning evaziga Elovich boshchiligidagi "Walla" yangiliklar portali ishiga aralashib, uning faoliyatiga ta’sir o‘tkazgan.

Bundan tashqari, Isroil Bosh vaziri rafiqasi va o‘g‘liga 2007-2016 yillar oralig‘ida qimmatbaho sovg‘alar, jumladan, zargarlik buyumlari, sigaralar, shampan vinolari va taxminan 700 ming shekel (174 ming yevro)lik aviachiptalarni, xususan, Gollivud prodyuseri Arnon Milchandan korrupsion yo‘l bilan olganlikda ayblanmoqda.

Isroilda poraxo‘rlik ayblovlari uchun 10 yilgacha qamoq yoki jarima, firibgarlik va ishonchni suiiste’mol qilishga esa uch yilgacha qamoq jazosi tayinlanadi.

Netanyaxu barcha ayblovlarni rad etib, u faqat do‘stlaridan sovg‘a olgani va hech qachon pora so‘ramaganini aytgan.

2020 yilda Binyamin Netanyaxu ustidan sud jarayoni boshlanganida, unga qarshi ommaviy norozilik to‘lqini butun Isroilni qamrab olgandi.

O‘tgan yili hokimiyatga qaytgan Netanyaxu va uning hukumati sud-huquq islohoti loyihasini, xususan, Oliy sud vakolatlarini cheklash va sudyalarni tanlash ustidan Vazirlar Mahkamasiga nazoratni berishni nazarda tutuvchi loyiha taklif etdi. Bu esa joriy yilda bir necha haftalik norozilik namoyishlariga sabab bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil Bin'yamin Netan'yaxu

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made