Netanyaxu Trampga ishonib, Makronning gapiga kirmadi
Olam
−
20 may
9089Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Buyuk Britaniya, Kanada va Fransiyaning G‘azodagi urush yuzasidan “aniq choralar” ko‘rish haqidagi tahdidlarini qat’iyan rad etdi. Bu haqda uning tegishli bayonoti e’lon qilindi.
Bayonotga ko‘ra, yahudiy davlati o‘zini himoya qilishdan voz kechmaydi va Falastin anklavida “to‘liq g‘alaba”ga erishmoqchi.
Kecha, 19 may kuni kechqurun Yelisey saroyi matbuot xizmati uch davlat rahbarlarining qo‘shma bayonotida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron hamda Buyuk Britaniya va Kanada Bosh vazirlari Kir Starmer va Mark Karni Isroilning G‘azoda jangovar harakatlarni qayta boshlaganiga keskin qarshi chiqdi hamda Isroil hukumatini “o‘zining jirkanch bayonotlari” uchun tanqid qildi.
Ular G‘azoda voqealar rivojiga “jimgina yondoshmasliklarini” aytdi va Isroilning harakatlariga javoban Isroilga qarshi “aniq choralar” bilan tahdid qildi.
Netanyaxu, o‘z navbatida, ba’zi G‘arb davlatlari rahbarlarining bunday bayonotlari o‘rinsiz, degan fikrni bildirdi.
“Isroildan chegaralarimizdagi HAMAS terrorchilari yo‘q qilinmaguncha omon qolishimiz uchun o‘zining mudofaa urushini to‘xtatishni talab qilib, Falastin davlatini barpo etish tarafdori bo‘lib, London, Ottava va Parijdagi yetakchilar 7 oktyabr kuni Isroilga qarshi genotsid hujumi uchun katta mukofot taklif qilmoqda va yana shu kabi vahshiyliklarga chorlamoqda”, deya iddao qildi Isroil Bosh vaziri.
Isroil hukumati rahbari yana bir bor ta’kidladiki, uning mamlakati AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan taklif etilgan rejani qo‘llab-quvvatlaydi, bu reja G‘azo aholisining salmoqli qismining boshqa mamlakatlarga “ixtiyoriy ko‘chishi”ni ham nazarda tutadi.
“Isroil Prezident Trampning qarashlarini qabul qiladi va Yevropaning barcha yetakchilarini ham shunday qilishga chaqiradi. Qolgan garovga olinganlar ozod qilinsa, HAMAS qurollarini tashlasa, qonxo‘r yetakchilari haydalsa va G‘azo qurolsizlantirilsa, urush ertaga tugashi mumkin.
Isroil to‘liq g‘alabaga erishmaguncha o‘zini adolatli yo‘l bilan himoya qilishda davom etadi”, deya xulosa qildi Netanyaxu.
Eslatib o‘tamiz, Saudiya Arabistoni va Fransiya joriy yilning iyun oyida Isroil ishtirokisiz Birlashgan Millatlar Tashkiloti homiyligida Nyu-Yorkda Falastin davlatini tan olish bo‘yicha xalqaro anjuman o‘tkazadi. ushbu anjumanda Falastin davlatini tan olish bo‘yicha aniq muddatlar va ijro mexanizmlarni o‘z ichiga olgan keng qamrovli yo‘l xaritasi ishlab chiqilishi rejalashtirilgan. Fransiya va Saudiya vakillari boshchiligida bo‘lib o‘tadigan anjumanda munozaralar va rasmiy sessiyalar o‘tkaziladi hamda Falastin davlatini barpo etish uchun amalga oshiriladigan doiraviy reja ishlab chiqiladi. Ushbu tashabbus Isroilning bu boradagi pozitsiyasini butunlay chetlab o‘tadi.
LiveBarchasi