G‘arbning ayrim davlatlari Isroilga tahdid qildi
Olam
−
20 may
11211Buyuk Britaniya, Fransiya va Kanada Isroilning G‘azo sektoriga harbiy hujumi va insonparvarlik yordamini yetkazishdagi cheklovlari sabab keskin choralar ko‘rish bilan tahdid qildi. Bu haqda “Huffpost” xabar berdi.
“Biz har doim Isroilning terrorizmga qarshi o‘z fuqarolarini himoya qilish huquqini qo‘llab-quvvatlab kelganmiz. Ammo bu keskinlik butunlay nomutanosib”, deyiladi uch mamlakatning qo‘shma bayonotida.
Bu bayonot Isroil armiyasi joriy yilning 16 may kuni “Gideon aravalari” nomli yangi harbiy operatsiyani boshlagani va Bosh vazir Binyamin Netanyaxuning G‘azo sektorini to‘liq nazoratga olish niyatini bildirganidan so‘ng e’lon qilindi. Xalqaro mutaxassislar bu holat ocharchilik xavfini kuchaytirayotganini ta’kidlamoqda.
“Isroil hukumatining aholiga zarur insonparvarlik yordamlarini ko‘rsatishni rad etishini qabul qilib bo‘lmaydi va bu xalqaro gumanitar huquq buzilishiga aylanishi mumkin. Biz G‘arbiy Sohildagi yahudiy shaharchalarini kengaytirishga qaratilgan har qanday urinishlarga qarshimiz. Zarur bo‘lsa, maqsadli sanksiyalarni ham o‘z ichiga olgan qo‘shimcha choralarni ko‘rishga tayyormiz”, deyiladi Buyuk Britaniya hukumati tomonidan e’lon qilingan bayonotda.
Ma’lumot uchun, Isroil 2025 yil mart oyi boshidan beri G‘azo sektoriga dori-darmon, oziq-ovqat va yoqilg‘i olib kirilishini to‘sib qo‘ymoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil G‘azoga faqat insonparvarlik yordamini o‘tkazishga rozi bo‘lgandi. Shuningdek, AQSH, Qatar va Misr tomonidan o‘t ochishni to‘xtatish yo‘lida ko‘rilayotgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
LiveBarchasi