Isroil xalqaro bosim ostida G‘azoga yordam kiritishga ruxsat berdi

Olam

image
Isroil qamali tufayli 290 mingga yaqin G‘azo bolalari o‘lim yoqasida (foto) north_east

Isroil qamali tufayli 290 mingga yaqin G‘azo bolalari o‘lim yoqasida (foto)

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning ma’muriyati G‘azo sektoriga oziq-ovqat mahsulotlarini “asosiy hajmda” kiritishga ruxsat berilishini ma’lum qildi. Bu haqda “The Jerusalem Post” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, ma’muriyat ushbu qarorni Isroil armiyasining tavsiyasi asosida qabul qilgan. Harbiylar bu chorani HAMASga qarshi harbiy harakatlarni kengaytirish bo‘yicha operativ zarurat bilan izohlagan.

Netanyaxu ma’muriyatining bildirishicha, gumanitar yordamni taqsimlash ustidan HAMAS nazoratini o‘rnatishining oldini olish uchun zarur choralar ko‘riladi.

“Israel Hayom” nashrining mamlakat hukumati yig‘ilishida ishtirok etgan manbalarga tayanib xabar berishicha, bu qarorning asosiy sababi AQSH tomonidan ko‘rsatilayotgan bosim bo‘lgan. Netanyaxuning so‘zlariga ko‘ra, G‘azo sektoridagi oziq-ovqat omborlari nihoyatda kamayib ketgan, shu bois ham choralar ko‘rishga to‘g‘ri kelgan.

“Dunyo bo‘ylab “G‘azodagi ocharchilik” mavzusida keng miqyosli kampaniya ketmoqda va biz Yevropa hamda AQSHdagi do‘stlarimiz tomonidan bosimga uchramoqdamiz”, degan Bosh vazir.

Manbalarga ko‘ra, bu qarorga olib kelgan yana bir omil Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning bir tomonlama ravishda Falastin davlatini tan oluvchi davlatlar koalitsiyasiga yetakchilik qilish niyati haqidagi xabarlar bo‘lgan. Isroillik rasmiylar bu tashabbusga qarshi chiqish maqsadida gumanitar yordamga ruxsat berish siyosiy jihatdan foydali bo‘lishi mumkin, deb hisoblamoqda.

Qayd etish joiz, o‘tgan yilning noyabr oyida Isroil Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharqdagi Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish va ishlarni tashkil etish agentligi (UNRWA) bilan hamkorlikni to‘xtatgandi. Keyinroq BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi Isroil Falastin anklaviga oziq-ovqat va insonparvarlik yordami yetkazib berishni cheklashda davom etishi oqibatida G‘azo sektorida ocharchilik yuzaga kelishidan ogohlantirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil armiyasi G‘azo sektorida “Gideon aravalari” nomli yerusti harbiy operatsiyasi boshlanganini xabar qilgan edi. Ular allaqachon o‘nlab HAMAS a’zolarini yo‘q qilgan, yer usti va yer ostidagi HAMAS infratuzilmasini demontaj qilgan va ayni paytda G‘azo sektorida asosiy pozitsiyalarga joylashtirilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil G'azo Bin'yamin Netan'yaxu

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing