Netanyaxu Tramp bilan qo‘ng‘iroqlashdi
Olam
−
12 may 3845 2 daqiqa
Bugun, 12 may kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan uchrashuvdan so‘ng AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Isroil Vazirlar Mahkamasi rahbari devonxonasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Netanyaxu Isroil va AQSH fuqaroligiga ega bo‘lgan va garovga olingan Idan Aleksandrni G‘azo sektoridan ozod qilishda ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorlik bildirgan.
“Netanyaxu bugun, 12 may kuni Uitkoff bilan uchrashdi. Shundan so‘ng Bosh vazir AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan suhbatlashdi. Bosh vazir Prezidentga Isroil mudofaa armiyasi harbiy xizmatchisi Idan Aleksandrni ozod qilishda ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorlik bildirdi”, deyiladi xabarda.
Idoraning qo‘shimcha qilishicha, “AQSH Prezidenti o‘z navbatida Isroilga sodiqligini yana bir bor tasdiqlagan va Bosh vazir bilan yaqin hamkorlikni davom ettirish istagini bildirgan”.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oq uyda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni qabul qilar ekan, AQSH Prezidenti Vashington G‘azo sektori ustidan nazorat o‘rnatishini va “barcha xavfli portlamagan bombalar va boshqa qurollarni olib tashlash uchun javobgar bo‘lishini”, qirg‘oq chizig‘ini “Yaqin Sharq Rivrasi”ga aylantirishini aytgandi. Shundan so‘ng, Donald Tramp G‘azo sektorida yashovchi falastinliklarni ko‘chirishni taklif qildi. Netanyaxu Trampning tashabbusini ma’qullab, uni “inqilobiy” deb atadi.
O‘z navbatida, falastinliklar, qator arab davlatlari va AQSHning G‘arb ittifoqchilari respublikachini tanqid qilib, uni xalqaro huquqni buzganlikda aybladi. Tanqidlarga qaramay, 10 fevral kuni Donald Tramp G‘azo sektorini sotib olish niyatini tasdiqladi.
Live
Barchasi