Netanyaxu tez orada chemodanini yig‘ib, Isroildan ketadi – Erdo‘g‘an
Olam
−
22 noyabr 2023
10968Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning chemodanini yig‘ishtirib, yaqin orada o‘z mamlakatini tark etishini istisno qilmayapti. Bu haqda u Jazoirdan qaytgach, jurnalistlarga aytib o‘tdi.
"Bu jarayon bundan keyin ham davom etadi deb o‘ylamayman, umid qilamanki, Netanyaxu chemodanini yig‘ib, yaqin kunlarda jo‘nab ketadi. Netanyaxuning sud ishi borligini allaqachon bilasiz. Balki Netanyaxu undan qutilish uchun ham shunday qadam tashlagandir. Lekin u qaysi tomonga bormasin, jazodan qochib, qutilolmaydi”, degan Erdo‘g‘an.
Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘arbda allaqachon Netanyaxuni iste’foga chiqishga chaqiriqlar bo‘lmoqda.
"Hamma Netanyaxuga "ket, ket" deya boshladi. Ayrim xorijiy rasmiylar bizga "undan qutulishimiz kerak" deyapti. Butun dunyo Isroilga qarshi qanday munosabat bildira boshlaganini ko‘rishingiz mumkin. G‘azoning bosib olinishi ba’zi hukumatlarni jim qilgan bo‘lsa-da, "jamiyatlarning vijdoni"ni harakatga keltirdi. Ko‘chalarda Falastinni qo‘llab-quvvatlayotganlar soni ortib bormoqda. Qarang, Germaniyada. O‘sha kuni men u yerda edim, xuddi shu kuni Berlinda marshlar bo‘lib o‘tdi. Angliyada ham shunday. AQSHdagi Oq uy oldida, Fransiyada, Lotin Amerikasi davlatlarida nimalar bo‘layotganini ko‘rasiz. Hatto Isroil ko‘chalarida ham bunga duch kelishingiz mumkin”, deydi Erdo‘g‘an.
Shuningdek, u G‘azo sektoridagi zo‘ravonliklarni to‘xtatishdan Ispaniyadan boshqa hech bir G‘arb davlati xavotirda emasligini aytdi.
"Afsuski, G‘arbdagi bir davlatdan tashqari, bu muammoni hal qilish yo‘li bilan hech kim shug‘ullanmadi. Deyarli barcha Yevropa davlatlari jim turibdi. Hech kim qirg‘inni to‘xtatish uchun aralashmayapti. Faqat Ispaniyada vaziyat ijobiy tomonga rivojlanmoqda. U yerda hukumat tuzildi, kelasi hafta men Bosh vazir Pedro Sanches bilan uchrashaman, u (Yaqin Sharqda bo‘layotgan voqealar bo‘yicha) boshqacha pozitsiyaga ega”, deydi Prezident.
Erdo‘g‘an sukut saqlagan davlatlardan yuz o‘gira olmasligini tushuntirdi.
"Biz ular bilan uchrashamiz, muhokama qilamiz, ularni qanday qilib Falastin tomoniga tortish haqida o‘ylaymiz. O‘tgan hafta Germaniyaga tashrif buyurdik. Biz Yevropada nimalar bo‘layotganini ko‘rib turibmiz", deydi u.
Turkiya rahbari, ayniqsa, Islom olami G‘azo sektorining ishg‘ol qilinishiga jim turmasligi kerakligini ta’kidlab, G‘azoning qulashi Islom olamining birligi va hamjihatligi uchun nuqta bo‘lishini aytdi.
“Isroilning G‘azoni o‘ylamasdan bosib olishi va xalqaro huquq, inson huquqlari va axloqiy qadriyatlarni hisobga olmagan hujumlariga jim turish va javob bermaslik uyatdir. Islom olami hamjihatlik va birdamlik ruhida harakat qilib, bir musht bo‘lishi kerak. Bu musht bor kuchi bilan stolga tegsa, Isroil o‘z ishg‘oli va vahshiyliklarini davom ettira olmaydi”, deydi Erdo‘g‘an.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Turkiya Prezidenti Isroilni “terrorchi davlat” deb atagan va Netanyaxuni Isroil tomonidan G‘azoda sodir etgan “insoniyatga qarshi jinoyatlar” uchun Xalqaro jinoiy sudda javobgarlikka tortish niyatini bildirgan edi.
LiveBarchasi