Netanyaxu sulhning birinchi bosqichidan so‘ng G‘azoda urushni qayta boshlashga va’da berdi – WP

Olam

image

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu o‘ng qanot koalitsiyasidagi hamkorlariga HAMAS bilan sulhning birinchi bosqichidan so‘ng G‘azo sektorida harbiy operatsiyani qayta boshlashga va’da berdi. Bu haqda manbalarga tayanib, “The Washington Post” nashri xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Netanyaxuning ayrim ittifoqchilari HAMAS bilan otishmalarni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni erta qabul qilingan qaror deb baholagan va hukumatdan chiqish bilan tahdid qilgan. Xususan, Isroil Milliy xavfsizlik vaziri va “Osma Yehudit” (Yahudiy kuchlari) partiyasi yetakchisi Itamar Ben-Gvir bunga ochiqchasiga norozilik bildirgan. Shuningdek, Moliya vaziri Betsalel Smotrichning “Diniy sionizm” partiyasi hukumatda qolishini “jangning kuchaytirilib, to‘liq g‘alaba qozonilmaguncha yangi shaklda davom etishi” shartiga bog‘lagan.

Shuningdek, Netanyaxuning o‘ng qanot fraksiyalari bilan muzokaralari davomida Isroil hukumati joriy yilning 18 yanvar kechasi HAMAS bilan otishmalarni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga ovoz berishni kechiktirgan. Parlament tomonidan kelishuv ratifikatsiya qilinishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH va Qatarning vositachiligida Isroil va HAMAS otishmalarni to‘xtatish bo‘yicha rasmiy kelishuv imzolagani xabar qilingandi. Ushbu kelishuv 2023 yil 7 oktyabr kuni HAMASning Isroilga hujumi bilan boshlangan 15 oylik jangovar harakatlarga barham berish maqsadini ko‘zlaydi. Birinchi bosqichda HAMAS 33 nafar asosan ayollar, bolalar, qariyalarni ozod qilishni mo‘ljallagan. Buning evaziga Isroil yuzlab falastinlik mahbuslarni ozod qiladi.

Kelishuvga ko‘ra:

  • Isroil Qurolli kuchlari (SAXAL) G‘azo sektoridagi ko‘plab hududlarni tark etadi, biroq G‘azo va Misr chegarasidagi Filadelfiya yo‘lagi hamda Isroil va G‘azo o‘rtasidagi bufer zonada faoliyat yuritishda davom etadi;
  • G‘azo aholisi o‘z uylariga qaytish imkoniga ega bo‘ladi;
  • Keyingi bosqichda erkaklar va qolgan garovdagilarning jasadlari qaytarilishi kutilmoqda;
  • Yakuniy bosqich G‘azoning urushdan keyingi tiklanishiga qaratilgan bo‘ladi.

Maqola muallifi

Teglar

Isroil G'azo HAMAS Bin'yamin Netan'yaxu

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing