Netanyaxu Oq uyda. Tramp esa yana g‘azoliklarni ko‘chirishni taklif qildi (video)

Olam

image
Tramp G‘azoni “tozalamoqchi”. Bu Yaqin Sharq uchun nimani anglatadi? north_east

Tramp G‘azoni “tozalamoqchi”. Bu Yaqin Sharq uchun nimani anglatadi?

AQSH Prezidenti Donald Tramp kecha, 4 fevral kuni Oq uyda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni qabul qilib, G‘azo aholisining kelajagi haqida bir qator bayonotlar berdi.

Netanyaxu bilan muzokaralar oldidan jurnalistlarga bergan intervyusida Tramp falastinliklarni G‘azodan zo‘ravonlikdan qo‘rqmasdan yashashlari mumkin bo‘lgan joylarga doimiy ravishda ko‘chirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashini aytdi.

Binyamin Netanyaxuni Oq uyda kutib olgan Tramp o‘zi va uning jamoasi G‘azo aholisini joylashtirish imkoniyatlarini  Iordaniya, Misr va mintaqadagi boshqa davlatlar bilan qayta muhokama qilayotganini aytdi. U “odamlarni baxtli yashashlari mumkin bo‘lgan, otib tashlanmaydigan va o‘ldirilmaydigan yaxshi uylarga doimiy ravishda joylashtirish” bo‘yicha kelishuvga erishmoqchi ekanligini ta’kidladi.

“Men G‘azoga boshqalardan ko‘ra farqli yondashaman. O‘ylaymanki, ularga yaxshi, yangi, go‘zal yer uchastkasi berish, uni o‘zlashtirishga mablag‘ sarflamoqchi bo‘lgan odamlarni topish, uni yashash uchun qulay qilish kerak”, dedi Tramp.

Falastin va arab yetakchilarining uning taklifiga munosabati haqidagi savolga Tramp: “Ular [falastinliklar] qanday qilib u yerda qolishni xohlashlarini bilmayman”, deb javob berdi. Keyinchalik u qo‘shimcha qildi: 

“Ular G‘azoga qaytishni xohlamaydilar”.

AQSH Prezidentining falastinliklar G‘azodan faqat “muqobil yo‘qligi” sababli tark etmayotganini aytganidan so‘ng, HAMASning yuqori martabali mulozimi Sammi Abu Zuhriy Donald Trampning so‘zlarini darhol tanqid qilib, ularni Yaqin Sharqdagi “xaos uchun retsept” deb atadi.

“Biz buni mintaqadagi tartibsizlik va keskinlikning retsepti deb bilamiz. G‘azo sektoridagi xalqimiz bu rejalarning amalga oshishiga yo‘l qo‘ymaydi. Aslida xalqimizga bosqin va tajovuzga barham berish kerak, ularni o‘z yurtidan haydab chiqarish emas”, dedi Sammi Abu Zuhriy. 

Ma’lumot uchun, Netanyaxu 20 yanvarda Donald Tramp hokimiyatga qaytganidan keyin Oq uyga taklif qilingan birinchi xorijiy yetakchi bo‘ldi, bu Isroil va AQSH o‘rtasidagi buzilmas ittifoq ramzidir.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Isroil Oq uy G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing