Netanyaxu Makronning tanqidiga javob qaytardi

Olam

image

Avvalroq, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Isroilni G‘azo sektorida tinch aholining o‘limiga sabab bo‘layotgan bombardimonni to‘xtatishga chaqirgandi. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Makronning urushni to‘xtatish haqidagi chaqirig‘iga munosabat bildirib, bu o‘limlar uchun HAMAS javobgar, deb hisoblashini aytdi. Tegishli yozma munosabat Isroil Bosh vazirining X’dagi sahifasida e’lon qilindi.

Netanyaxu o‘z bayonotida HAMAS nomini "ISHID" bilan birlashtirgan.

“Tinch aholiga yetkazilgan har qanday zarar uchun javobgarlik Isroil emas, HAMAS-ISHID zimmasida. Bugun HAMAS-ISHID tomonidan G‘azoda sodir etilgan jinoyatlar ertaga Parij, Nyu-York va butun dunyoda sodir etiladi. Jahon yetakchilari HAMAS-ISHIDni qoralashi kerak, Isroilni emas,” deydi Netanyaxu.

Isroil Bosh vazirining eslatishicha, HAMAS bilan urush boshlash qarori Isroil hududiga qilingan hujum ortidan qabul qilingan. O‘shanda 1,2 ming isroillik halok bo‘lgan. 

Netanyaxuning da’vo qilishicha, Isroil tinch aholiga zarar yetkazmaslik uchun ularni xavfsiz hududlarga ketishga undagan, biroq HAMAS evakuatsiyaning oldini olib, odamlardan tirik qalqon sifatida foydalangan. Shuningdek, Netanyaxu HAMASni asirlarni garovda ushlab turish, maktablar, masjidlar va shifoxonalardan qo‘mondonlik markazlari sifatida foydalanishda ayblagan.

Ma’lumot uchun, 7 oktyabrdan beri 11 mingga yaqin odam Isroil harbiy amaliyoti qurboni bo‘lgan, ularning aksariyati ayollar va bolalardir.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Makron Isroilning G‘azo sektoriga bergan zarbalari hech qanday asos va qonuniylikka ega emas, degan fikrni bildirgan va ularni to‘xtatishga chaqirgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Emmanuel' Makron Isroil G'azo HAMAS Bin'yamin Netan'yaxu

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made