Netanyaxu Xalqaro sudning G‘azo bo‘yicha qarorini qabul qilmadi
Olam
−
27 yanvar
5271Isroil Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xalqaro sudining G‘azo sektoridagi genotsid da’vosi bo‘yicha vaqtinchalik choralar ko‘rish haqidagi qarorini rad etdi. Bu haqda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ma’lum qildi.
“Barcha davlatlar singari Isroil ham o‘zini himoya qilish huquqiga ega. Ushbu asosiy huquqni inkor etishga har qanday urinish yahudiy davlatiga qarshi ochiq-oydin kamsitishdir va biz buni haqli ravishda rad etamiz. Isroilni genotsidda ayblash nafaqat noto‘g‘ri, balki hayratlanarli va barcha buni inkor etishi kerak”, deydi Bosh vazir videomurojaatida.
Hukumat rahbari Isroil “Falastin tinch aholiga zarar yetkazmaslik uchun barcha imkoniyatlarni ishga solib, HAMASdan himoyalanishda” davom etishini aytdi.
Shuningdek, u hukumat a’zolaridan Xalqaro sudning G‘azo sektoridagi genotsid haqidagi qaroriga izoh bermaslikni so‘radi. Biroq Isroil Milliy xavfsizlik va Mudofaa vazirlari Xalqaro sudni "antisemitizm"da aybladi.
"Gaagadagi antisemit sudining qarori allaqachon ma’lum bo‘lgan narsani isbotlaydi: bu sud adolat izlamaydi, uning maqsadi yahudiy xalqini ta’qib qilishdir", deydi o‘ta o‘ng siyosatchi bo‘lgan Itamar Ben-Gvir.
Isroil Mudofaa vaziri Yoav Gallant esa vaqtinchalik choralar to‘g‘risidagi buyruqni qabul qilish bilan Xalqaro sud "kutilganidan oshib ketgan"ini iddao qildi.
"Isroil davlatiga G‘azo sektoridagi terrorchilar va tinch aholi o‘rtasida chegara chizish uchun axloqiy saboq kerak emas", deydi Gallant.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 26 yanvar kuni Gaagadagi Xalqaro sud G‘azoga qilingan hujumlar bilan bog‘liq BMT genotsid konvensiyasini buzganlik uchun Janubiy Afrika Respublikasining Isroilga qarshi da’vosida G‘azodagi genotsid aybi bilan Isroilga nisbatan vaqtinchalik choralar ko‘rish qarorini e’lon qilgandi.
LiveBarchasi