Netanyaxu qochqinlar lageriga hujumni “baxtsiz hodisa” deb atadi

Olam

image

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu o‘nlab falastinliklarning o‘limiga sabab bo‘lgan Rafah qochqinlar lageriga uyushtirilgan havo hujumi xalqaro miqyosda qoralanayotgan bir paytda, HAMASga qarshi urushni davom ettirishga va’da berdi. Bu haqda u Isroil parlamentida so‘z ochdi.
Netanyaxu zarba “fojiali baxtsiz hodisa” ekanligini aytgan holda, “barcha maqsadlarga erishilmaguncha urushni tugatish niyatida emas”ligini qo‘shimcha qildi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil tinch aholini himoya qilish uchun barcha mumkin bo‘lgan ehtiyot choralarini ko‘rib, mojaroga aloqador bo‘lmaganlarga zarar yetkazmaslik uchun harakat qilmoqda.

"Rafahda biz millionlab aholini evakuatsiya qildik, ammo harakatlarimizga qaramay, kecha fojiali voqea sodir bo‘ldi", dedi Netanyaxu.

G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi Rafahdagi qochqinlar lageriga uyushtirilgan hujumda 45 kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgan. 

"Biz ushbu hodisani tekshiramiz va xulosa chiqaramiz, chunki bu bizning siyosatimiz", deya qo‘shimcha qildi Netanyaxu.

HAMAS Tel-Avivga bir necha oy ichida birinchi raketa hujumini uyushtirganidan keyin, Isroil 26 may kuni Rafahga hujum qildi. Isroil rasmiylari havo hujumi qonuniy nishonlarga qarshi xalqaro qonunlarga muvofiq, aniq o‘q-dorilardan foydalangan holda amalga oshirilgani va HAMAS Rafahdagi hududdan foydalanayotganini ko‘rsatuvchi aniq ma’lumotlarga asoslangani va HAMASning ikki yuqori martabali jangchisi halok bo‘lganini iddao qilmoqda.

Falastin Qizil Yarim Oy jamiyatining ma’lum qilishicha, havo hujumi Rafah markazidan taxminan 2 kilometr shimoli-g‘arbda joylashgan Tal as-Sultondagi chodirlarga berilgan. G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 45 kishi halok bo‘lgan, yana yuzlab odamlar kuyish, sinish va shrapnel (artilleriya snaryadlari kabi portlovchi qurilmaning havoda uchib ketgan metall parchalari tufayli yuzaga keladigan travmatik jarohatlarning bir turi) kabi jarohatlar olgan. “Chegara bilmas shifokorlar” tashkilotining ma’lum qilishicha, zarbadan so‘ng uning muassasalaridan birida kamida 28 kishi, jumladan, ayollar va bolalar halok bo‘lgan, 180 nafari yaralangan.

Isroilning Rafahga hujumi xalqaro, jumladan, gumanitar tashkilotlar, BMT va Yevropa Ittifoqi tomonidan qoralandi.

Eslatib o‘tamiz, 24 may kuni Xalqaro sudning Isroilga qarshi qabul qilingan qaroriga qaramay, Isroil armiyasi Rafah shahrini ikkinchi marta o‘qqa tutgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil HAMAS Bin'yamin Netan'yaxu

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing