Netanyaxu Isroil askarlarini G‘azodan olib chiqishi haqidagi taklifni rad etdi

Olam

image

Isroil o‘z qo‘shinlarini G‘azo sektoridan olib chiqish niyatida emas va minglab falastinliklarni ham qamoqdan ozod qilmaydi. Bu haqda yahudiy davlati Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu HAMAS bilan yangi kelishuvga erishish ehtimoli haqidagi xabarlarga izoh berayotganida ma’lum qildi.

“Men har xil kelishuvlar haqidagi bayonotlarni eshityapman, shuning uchun buni aniq aytmoqchiman: biz bu urushni uning barcha maqsadlariga erishmagunimizcha tugatmaymiz, ya’ni HAMASni yo‘q qilish, barcha garovga olinganlarimizni qaytarish va G‘azo endilikda Isroilga tahdid solmasligini ta’minlash. Biz SAXALni G‘azo sektoridan olib chiqmaymiz va minglab terrorchilarni ozod qilmaymiz. Bularning hech biri sodir bo‘lmaydi. Lekin nima bo‘ladi? To‘liq g‘alaba”, deydi Netanyaxu. 

Isroil Bosh vazirining so‘zlariga ko‘ra, G‘azo sektorida davom etayotgan janglar natijasi Isroil uchun “mutlaq g‘alaba” bo‘lishi kerak. 

"Bizga mutlaq g‘alaba kerak. Bundan kami emas. Men bunga sodiqman, bizning jangchilarimiz va xalqimizning mutlaq ko‘pchiligi bunga sodiq. Biz mutlaq g‘alabadan kami bilan kifoyalanmaymiz", deydi Netanyaxu.

CNN’ning manbalariga tayanib xabar berishicha, Misr razvedkasi HAMASga Misr, Isroil, AQSH razvedka xizmatlari rahbarlari va Qatar Bosh vazirining 28 yanvar kuni Parijdagi yig‘ilishida erishilgan garovdagilarni ozod qilish bo‘yicha dastlabki taklifni yetkazgan. Telekanalning ta’kidlashicha, muzokarachilar umumiy ma’noda konsensusga erishgan bo‘lsa-da, kelishuvning aniq tafsilotlari bo‘yicha kelishib olish, katta ehtimol bilan, oson bo‘lmaydi.

Dastlabki shartlarga ko‘ra, garovga olinganlarni qaytarishning birinchi bosqichi jangovar harakatlar olib borishda olti haftalik tanaffusni nazarda tutadi. Shu bilan birga, HAMAS qo‘l ostidagi har bir fuqaro

Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan uch nafar falastinlik bilan almashtiriladi. Bu nisbat Isroil armiyasi xodimlarini almashish uchun oshirilishi mumkin va olti haftalik sulhdan keyin uzoqroq pauza bo‘lishi mumkin.

O‘z navbatida, “Sky News Arabia” xabariga ko‘ra, HAMAS va Isroil o‘rtasidagi kelishuv Ramazon oyida G‘azo sektorida sulh tuzishni o‘z ichiga olishi mumkin. 2024 yilda arab astronomlarining fikriga ko‘ra, u 11 mart - 9 aprelga to‘g‘ri keladi. Isroil rasmiylari bu xabarlarga rasman izoh bermayapti.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Isroil HAMAS bilan potensial kelishuv doirasida G‘azo sektorining asosiy shaharlaridan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing