Netanyaxu ilk bor armanlar qirg‘inini genotsid deb tan oldi (video)

Olam

image

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu 1915 yil, ya’ni Usmonlilar imperiyasi davrida armanlarga qarshi amalga oshirilgan qirg‘inlarni genotsid deb tan oldi. Bu haqda u kecha, 26 avgust kuni amerikalik biznesmen Patrik Bet-Devid bilan suhbatda aytib o‘tdi.

Amerikalik biznesmen Bosh vazir bilan uyushtirgan intervyusi davomida “Nega shu paytgacha Isroilning hech qaysi Bosh vaziri Usmonlilar imperiyasi tomonidan armanlar, ossuriylar va yunonlarning o‘ldirilishini genotsid deb atamagan?” deya savol bergan. 

Savolga Bosh vazir: “Ha, lekin men hozir aytdim. Nuqta”, deya javob berib, bu harakatni genotsid sifatida tan olishini bildirgan. 

Shu tariqa u Isroil Bosh vazirlari orasida bunday e’tirofni ochiq tan olgan birinchi shaxsga aylandi.

Ammo vazirning bu qisqa va shov-shuvli nutqi tezda tarmoqlarda tarqalib, noroziliklar keltirib chiqardi. 

Vaziyatdan xabar topgan Turkiya Tashqi ishlar vazirligi Netanyaxuning so‘zlarini qoralab, uni “falastinliklarga qarshi genotsidda ayblanayotgan shaxs o‘z jinoyatlarini yashirish uchun tarixni siyosiylashtirmoqda” deya bayonot berdi. 

Isroil shu paytgacha Usmonlilar imperiyasidagi 1915–1916 yillar voqealarini rasman genotsid sifatida tan olishdan tiyilib kelgan. Bunga sabab sifatida Anqara bilan sovuqlashib qolgan diplomatik munosabatlar ko‘rsatilgan edi. Biroq so‘nggi yillarda, xususan, G‘azodagi voqealar fonida ikki davlat aloqalari yanada keskin yomonlashib ketdi.

Tarixchilarning hisobiga ko‘ra, o‘sha davrda taxminan 1,5 million arman vafot etgan. Turkiya esa bu voqealarni soddagina qilib, “urush sharoitida yuz bergan fojia” deb atab keladi.

Umuman olganda, armanlar qirg‘inini boshqa davlatlar ham genotsid sifatida baholagan. Xususan, 2016 yilda Germaniya, 2019 yilda esa AQSH Kongressi qirg‘inni genotsid deb e’lon qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Bin'yamin Netan'yaxu Usmonlilar imperiyasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing