Netanyaxu Germaniyani “terrorizmni mukofotlash”da aybladi

Olam

image

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu G‘azo sektoridagi gumanitar inqiroz sharoitida Isroilga qurol yetkazib berishni qisman to‘xtatgani uchun Germaniyani qattiq tanqid qildi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.

Netanyaxuning fikricha, bu qaror amalda HAMAS faoliyatini rag‘batlantiradi. Qolaversa, u Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan telefon orqali suhbat qilgan hamda kanslerga chuqur noroziligini bildirib, “Isroilning HAMASga qarshi adolatli urushini qo‘llab-quvvatlash o‘rniga, terrorizmni mukofotlayotganini” aytgan. 

Isroil hukumati yaqinda G‘azo shahrini to‘liq nazoratga olish rejasini tasdiqladi. Urushni yakunlash uchun besh asosiy maqsad belgilangan – HAMASni butunlay qurolsizlantirish, barcha garovdagilarni ozod qilish, G‘azo sektorini demilitarizatsiya qilish, qirg‘oq hududida Isroil xavfsizlik nazoratini o‘rnatish va HAMAS hamda Falastin Milliy ma’muriyatiga bo‘ysunmaydigan fuqarolik boshqaruvini tashkil etish.

Germaniya esa mojaro davomida Isroilga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan qurol eksporti litsenziyalarini berishni to‘xtatdi. Bu o‘zgarish Berlinning odatda Isroil tarafida bo‘lgan siyosatida burilish sifatida baholanmoqda.

Ma’lumot uchun, mojaro 2023 yil 7 oktyabrda HAMASning Isroilga keng ko‘lamli hujumi bilan boshlandi. Raketa hujumlari va qurolli bosqinlar oqibatida 1200 dan ortiq kishi halok bo‘ldi, 250 dan ortiq odam garovga olindi. Isroil javoban urush e’lon qildi. G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 60 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi, 145 mingdan ortig‘i yaralandi. 

Eslatib o‘tamiz, Isroilga qurol yetkazib berishni to‘xtatish haqidagi qaror Germaniya tomonidan Isroil hukumati kecha, 8 avgust kuni G‘azo shahrini to‘liq bosib olish rejasini ma’qullagandan so‘ng qabul qilingandi. Isroilning rejasiga ko‘ra, 1 million aholini evakuatsiya qilish talab etiladi va operatsiya bir necha oy davom etishi mumkin. Qolaversa, Germaniyaning Xristian-demokratik ittifoqi (XDI) partiyasidan bir qator deputatlar kanslerning ushbu qarorini keskin tanqid qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Isroil G'azo Bin'yamin Netan'yaxu Fridrix Merts

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing