Netanyaxu G‘azoni egallash bo‘yicha operatsiya boshlanganini tasdiqladi

Olam

image

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu G‘azo shahrida Isroil Mudofaa armiyasi (SAXAL) tomonidan “o‘ta yirik harbiy operatsiya” boshlanganini e’lon qildi. Vazirning bu haqdagi so‘zlarini Isroilning “Kan” teleradiokompaniyasi e’lon qildi.

Unga ko‘ra, Isroilning 98- va 162-diviziyalari allaqachon havo hujumlari ostida G‘azo shahriga kirish va oldinga siljishni boshlagan. Bu bo‘linmalar shahar chekkasiga chiqib, u yerda ham keyingi hujumlar uchun tayanch hudud shakllantirishni ko‘zda tutgan. Yaqin kunlarda ularga 36-diviziya ham qo‘shilishi kutilmoqda. 

Teleradiokompaniya G‘azo shahriga tanklar yoki zirhli texnikalar kiritilgani haqidagi xabarlarni rad etgan. U tomonidan e’lon qilingan suratlarda SAXAL tomonidan shaharga tashlangan ogohlantiruv varaqalari tasvirlangan.

“Agar siz ushbu varaqani olgan bo‘lsangiz, unda siz jangovar harakatlar olib borilayotgan xavfli hududdasiz”, deya yozilgan unda.

Isroil harbiylari, shuningdek, operatsiyada asosiy e’tibor askarlarning xavfsizligiga qaratilishi, qo‘shinlar tezligi esa ikkinchi darajada ekanini ta’kidlagan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilning 7 oktyabr kunidan shu kunga qadar 64 mingdan ortiq tinch aholi halok bo‘lgan, 136 mingdan ortiq kishi esa jarohat olgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastin hududi bo‘yicha mustaqil xalqaro tergov komissiyasi Isroilning G‘azodagi harakatlarini “genotsid” deb tan olgandi. Hisobotda aytilishicha, Isroil hukumati G‘azo sektoridagi falastinliklarning reproduktiv qobiliyatini guruh sifatida qisman yo‘q qildi, shu jumladan, tug‘ilishning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni qo‘lladi va falastinliklarni ataylab jismonan yo‘q qilishga intildi.


Maqola muallifi

Teglar

G'azo Bin'yamin Netan'yaxu TsAXAL

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing