Netanyaxu G‘azoda Falastin davlati bo‘lmasligini aytdi (video)

Olam

image

G‘azo sektori demilitarizatsiya qilinmaguncha uni tiklash amalga oshirilmaydi, shuningdek, mazkur hududda Falastin davlati tashkil etilmaydi. Bu haqda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSH Prezidenti Donald Trampning Falastin-Isroil mojarosini hal etish bo‘yicha rejasining ikkinchi bosqichiga izoh berar ekan ma’lum qildi.

“Men G‘azoni demilitarizatsiya qilishdan oldin uni tiklashga ruxsat beriladi, degan bayonotlarni eshityapman. Bu sodir bo‘lmaydi. G‘azoga Turkiya va Qatar askarlarini kiritamiz, degan gaplarni ham eshitdim. Bu ham bo‘lmaydi. Men G‘azoda Falastin davlati tuzilishiga ruxsat beraman, degan gaplarni ham eshitdim. Bu bo‘lmagan va bo‘lmaydi ham”, deydi Netanyaxu.

Uning aytishicha, Isroil XAMASning qurol-yarog‘larini yo‘q qilish, G‘azo sektorini qurol va tunnellardan tozalashga e’tibor qaratmoqda. Bu oson yoki qiyin yo‘l bilan bo‘ladimi – baribir amalga oshadi.

Isroil Bosh vaziri u bir necha bor Falastin davlati tashkil etilishiga to‘sqinlik qilganini ham qayd etgan. Bungacha u Isroil Iordan daryosi bilan O‘rta yer dengizi oralig‘idagi butun hudud, jumladan, G‘azo sektori ustidan nazoratni saqlab qolishini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 13 oktyabr kuni AQSH, Misr va Turkiya yetakchilari Sharm-ash-Shayxda Isroil va XAMAS o‘rtasida vositachilik qilib, G‘azodagi urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni imzolagan edi. Noyabr oyida esa BMT Xavfsizlik Kengashi AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan taklif etilgan G‘azo sektori bo‘yicha tinchlik rejasini ma’qulladi.

Joriy yilning 14 yanvar kuni AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff G‘azo sektorida Falastin-Isroil mojarosini hal etish bo‘yicha Tramp rejasining ikkinchi bosqichi amalga oshirila boshlaganini e’lon qildi. U mazkur hududda o‘tish davri ma’muriyati va G‘azoni boshqarish bo‘yicha Milliy qo‘mita (NCAG) tuzish, shuningdek, noqonuniy qurolli tuzilmalar a’zolarini qurolsizlantirishni o‘z ichiga oladi.


Maqola muallifi

Teglar

Falastin G'azo Bin'yamin Netan'yaxu

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing