Netanyaxu Erdo‘g‘anni terrorchilar homiysiga chiqardi
Olam
−
16 noyabr 2023
7638Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning G‘azo sektoridagi vaziyat bo‘yicha tanqidlariga quloq tutmasligini aytdi. Bu haqda u kecha, 15 noyabr kuni amerikalik missioner Franklin Grem bilan suhbatda so‘z ochdi.
“Aytishim kerakki, terrorchilarni qo‘llab-quvvatlovchi kuchlar bor va ulardan biri Turkiya Prezidenti Erdo‘g‘an. U Isroilni terrorchi davlat deb ataydi, lekin aslida terrorchi HAMAS davlatini qo‘llab-quvvatlaydi. U Turkiyaning o‘zidagi qishloqlarni bombardimon qilgan. Shuning uchun biz undan hech qanday nasihat eshitish niyatimiz yo‘q", degan Netanyaxu.
"The Times of Israel"ning yozishicha, Netanyaxu bu gapi bilan "Turkiyaning kurdlarga qarshi harbiy harakatlari"ga ishora qilgan bo‘lishi mumkin.
Uning aytishicha, Erdo‘g‘anning Isroilni tanqid qilishini qabul qilib bo‘lmaydi. Bundan tashqari, Bosh vazir jahon hamjamiyatini Turkiya rahbarining Falastin-Isroil mojarosi yuzasidan bildirgan pozitsiyasini qoralashga chaqirgan.
Bosh vazir idorasi tomonidan e’lon qilingan bayonotda esa, G‘azodagi Isroil armiyasi “xalqaro qonunlarga muvofiq adolatli urush olib borayotgani va tinch aholi orasida qurbonlarni minimallashtirish va terrorizmni yo‘q qilishga harakat qilayotgani” da’vo qilingan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 15 noyabr kuni Rajab Toyib Erdo‘g‘an Anqarada hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasi parlament fraksiyasi yig‘ilishida Isroilni terrorchi davlat, HAMAS harakat a’zolarini esa o‘z vatanini himoya qilayotgan qarshilik jangchilari deb bilishini aytgandi.