Netanyaxu harbiy harakatlarni 42 kunga to‘xtatishga tayyorligini aytdi
Olam
−
04 iyun
5806Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu anklavda garovga olingan isroilliklarni ozod qilish uchun G‘azo sektoridagi jangovar harakatlarni olti haftaga to‘xtatishga tayyorligini aytdi. Bu haqda “Israil Hayom” gazetasi xabar berdi.
“Isroil garovga olinganlarni qaytarish uchun harbiy harakatlarni 42 kunga to‘xtatishi mumkin. Ammo biz urushni to‘xtata olmaymiz. Eronliklar va barcha dushmanlarimiz taslim bo‘lamizmi, deb bizga qarab turibdi”, degan Bosh vazir parlamentning Tashqi ishlar va mudofaa masalalari komissiyasining yopiq majlisida.
“Times of Israel” nashrining tushuntirishicha, Netanyaxu tegishli bayonot bilan AQSH Prezidenti Jo Bayden tomonidan Yaqin Sharqdagi mojaroni hal qilish bo‘yicha taklif qilingan rejani izohlar ekan, Amerika Prezidentining rejasida “bo‘shliqlar” mavjudligini aytgan.
“Bayden taqdim etgan reja to‘liq emas edi. Garovga olinganlarni qaytarish uchun urush to‘xtaydi, keyin muhokama qilamiz. AQSH Prezidenti ommaga taqdim etmagan boshqa tafsilotlar ham bor”, deya qo‘shimcha qildi Bosh vazir.
AQSH Prezidenti Jo Bayden 31 may kuni G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va isroillik garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha uch bosqichli rejani taqdim etdi. HAMAS rejani ijobiy kutib oldi.
Shu bilan birga, Isroil hukumatining ikki o‘ta o‘ngchi a’zosi – Moliya vaziri Bezalel Smotrix va Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir, agar Bosh vazir Binyamin Netanyaxu kelishuvga rozi bo‘lsa, o‘z lavozimlaridan iste’foga chiqish va hukmron koalitsiyani parchalash bilan tahdid qilgan.
Bosh vazirning o‘zi esa barcha garovga olinganlarni ozod qilmasdan, HAMASning harbiy va siyosiy imkoniyatlarini yo‘q qilmasdan turib, doimiy sulh bo‘lmasligini ta’kidladi. O‘z navbatida, muxolifat yetakchisi Yair Lapid Baydenning rejasini qo‘llab-quvvatladi.
Keyinroq Isroil Bosh vazirining tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi Ofir Falk Isroil rejaning asosiy qoidalariga rozi ekanligini, biroq hali ko‘p tafsilotlarni yakunlash zarurligini aytdi.
“Bu unchalik yaxshi kelishuv emas, lekin biz haqiqatan ham barcha garovga olinganlarning ozod etilishini xohlaymiz”, deya qo‘shimcha qildi maslahatchi.
LiveBarchasi