Nepalda sobiq reper Bosh vazir bo‘ldi
Olam
−
27 mart 2241 2 daqiqa
Bugun, 27 mart kuni Katmanduning sobiq meri, 35 yoshli sobiq reper Balendra Shoh Nepalning yangi bosh vaziri etib tayinlandi. Shu tariqa so‘nggi o‘n yilliklar ichida ilk bor hukumat tepasiga eng yosh mulozim keldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, yangi Bosh vazirning qasamyod qilish marosimi Prezident saroyida diplomatlar va yuqori martabali amaldorlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan. Tadbirda 200 dan ortiq diniy ulamolar qatnashgan. Shoh 14 kishidan iborat yangi vazirlar mahkamasini shakllantirgan. Moliya vaziri lavozimiga Garvard universiteti bitiruvchisi, iqtisodchi Svarnim Vagl tayinlangan.
Shoh partiyasi g‘alaba qozongan ushbu saylovlar o‘tgan yilning sentyabr oyida mamlakatda sodir bo‘lgan va 76 kishining hayotiga zomin bo‘lgan ommaviy aksilkorrupsiya namoyishlaridan keyingi birinchisi bo‘ldi. Siyosiy tahlilchi Purandjan Acharyaning ta’kidlashicha, yangi hukumat uchun ilk sinovlardan biri ushbu namoyishlardagi zo‘ravonliklarni o‘rgangan komissiya hisobotini amalga oshirish bo‘ladi – bu halok bo‘lganlarning oilalari tomonidan qo‘yilayotgan asosiy talabdir.
Yangi hukumat rahbari doimiy siyosiy beqarorlik sharoitida ish boshlamoqda: 1990 yildan beri Nepalda 32 ta hukumat almashgan, ularning hech biri to‘liq besh yillik muddatni o‘tamagan. Mamlakat jiddiy ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga ham duch kelmoqda – aholining qariyb 20 foizi qashshoqlik chegarasida yashaydi va har kuni 1,5 mingga yaqin nepallik xorijdan ish izlab vatanni tark etadi.
Hindiston va Xitoy yangi Bosh vazirga rasmiy tabrik yo‘llagan. Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi ikki tomonlama hamkorlikni yuqori bosqichga ko‘tarish niyatida ekanini bildirgan, Xitoy TIV esa Nepalning suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlagan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil sentyabr oyi boshida Nepal Prezidenti Ram Chandra Paudel vakillar palatasini tarqatib yuborishga va Oliy sudning sobiq raisi Sushila Karkini hukumatning vaqtinchalik rahbari etib tayinlashga rozi bo‘lgan edi. Prezidentning bu qarori parlamentni tarqatishni talab qilgan “zumerlar inqilobi” ishtirokchilarining talablariga mos keladi.