Nepalda 70 ga yaqin kishi bo‘lgan 2 avtobus daryoda oqib ketdi
Olam
−
12 iyul
4510Bugun, 12 iyul kuni tunda Nepalda sodir bo‘lgan kuchli ko‘chki oqibatida ichida yo‘lovchilari bo‘lgan ikkita avtobus daryoga tushib, oqib ketdi. Bu haqda “The Kathmandu Post” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Madandan Ashrit shahri tomon harakatlanayotgan avtobuslar ertalab soat 3:30 da Trishuli daryosiga tushib ketgan. Avtobuslarda jami 66 kishi bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, avtobuslardan birida 24 kishi, boshqasida 42 kishi bo‘lgan, ammo haydovchilar yo‘lda qo‘shimcha yo‘lovchi olgan bo‘lishi ham mumkin. Yo‘lovchilar orasida Hindistonning yetti nafar fuqarosi ham bo‘lgan.
Qayd etilishicha, shu paytgacha uch kishi mahalliy aholi vakillarining harakati bilan daryodan, halokat joyidan ancha uzoqdan topilgan, ular shifoxonaga yetkazilgan.
Nepal hukumati fuqarolarni zarur ehtiyot choralarini ko‘rishga, xususan, yog‘ingarchilik tugamagunicha uzoq joylarga safar qilmaslikka chaqirgan.
“Toshqin va ko‘chkilar oqibatida o‘nlab yo‘lovchilar va ularning mol-mulki yo‘qolganidan chuqur qayg‘udaman. Men barcha xizmatlarga, jumladan, mahalliy rasmiylarga yo‘lovchilarni qidirish va samarali qutqarish uchun zarur bo‘lgan barcha choralarni ko‘rishga topshiriq berdim”, deya yozgan Nepal Bosh vaziri Pushpa Kamal Daxal o‘zining X sahifasida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistonda ko‘chki oqibatida o‘nlab odamlar halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi