Pedagoglarning ustamali ayrim sertifikatlari olib tashlanishi sababi aytildi
Jamiyat
−
03 avgust 2023
8839O‘zbekistonda avvalroq 2023/2024 o‘quv yili davomida umumta’lim maktablarining pedagoglariga 50 va 20 foiz ustama to‘lab beriladigan sertifikatlar ro‘yxati tasdiqlangan edi. Endilikda mazkur ro‘yxatdan ayrim sertifikatlar chiqarib tashlandi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Axborot xizmati xabar berdi.
Keltirilishicha, vakolatli tashkilotlar tomonidan ro‘yxatdan chiqarilgan sertifikatlarni o‘rganish natijasida quyidagilar aniqlangan:
- sertifikatlarni berishda onlayn nazorat to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganligi, ya’ni, bir shaxs o‘rniga boshqasi kirib topshirib chiqish holatlari mavjudligi;
- ba’zi sertifikatlarning haqqoniyligini aniqlash imkoniyati mavjud emasligi;
- sertifikatlarning haqqoniyligi tekshirilganda test topshiruvchining shaxsini aniqlash imkoniyati mavjud emasligi;
- ayrim sertifikatlarni berish uchun o‘tkaziladigan test sinovlarida axborot xavfsizligi talablariga to‘liq javob bermaganligi, test savollarining doimiy takrorlanishi.
Shunday bo‘lsada, ro‘yxatdan chiqarilgan sertifikat egalarining 1 avgustgacha olgan sertifikatlari uchun yakuniy muddatiga qadar ustama to‘lovlari to‘lab borilishi belgilangan.
Shuningdek, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq APTIS for teachers, Linguaskill sertifikatlaridan yangi ishga kirayotgan talabgorlarni ishga qabul qilish jarayonlarida foydalanish imkoniyati saqlanib qolmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, qabul qilingan qo‘shma qarorga asosan jami 13 ta sertifikat ro‘yxatdan chiqarilgan. Mazkur havola orqali 2023/2024 o‘quv yili davomida umumta’lim maktablarining pedagoglariga 50 va 20 foiz ustama to‘lab beriladigan sertifikatlar ro‘yxati bilan tanishish mumkin.
LiveBarchasi